G‘ani hokimiyatining “qulashi” oldidan AQSH va “Tolibon” nimaga kelishgani ma’lum bo‘ldi
Olam
−
17 avgust 2021
33938Toliblar Afg‘onistonni egallashidan bir necha hafta oldin Qatar poytaxti Dohada AQSH, Afg‘oniston va “Tolibon” rasmiylari o‘rtasida muzokara bo‘lib o‘tgan edi. Bu haqda “Bloomberg” ma’lum qildi.
Agentlik suhbatdoshining ma’lum qilishicha, uchrashuv vaqtida tomonlar ikki haftalik o‘t ochishni to‘xtatishga kelishib olgan. Evaziga esa ushbu vaqt ichida Ashraf G‘ani iste’foga chiqishini e’lon qilishi kerak edi. Shundan so‘ng eks-Prezident Hamid Karzay, sobiq va amaldagi boshqa mansabdorlarni o‘z ichiga olgan inklyuziv hukumatni tuzish bo‘yicha muzokaralar boshlanishi rejalashtirilgan.
Manbalarga ko‘ra, “Tolibon”ning Afg‘onistonda to‘siqlarsiz harakatlanishi va kelgusida Qobulni jangsiz egallashi toliblar uchun ham kutilmagan sovg‘a bo‘lgan. Ashraf G‘anining qochib ketishi esa har uch tomonni ham ajablantirib, dastlabki kelishuvga nuqta qo‘ydi.
Qayd etilishicha, Qatardagi muzokaralarda AQSH nomidan qatnashgan Afg‘oniston va Iroqdagi maxsus vakil Zalmay Xalilzod hanuz Dohada bo‘lib, Qobulda tinchlikni ta’minlash uchun yangi yo‘llarni izlamoqda.
Qayd etish kerakki, Afg‘oniston Islom Respublikasi endi yo‘q. Kecha, 15 avgust kuni hokimiyat “Tolibon” harakati nazoratiga o‘tdi. Ular esa bir vaqtlar mavjud bo‘lgan Afg‘oniston Islom Amirligini qayta tuzmoqchi. Prezident Ashraf G‘ani iste’fo berdi va mamlakatni tark etdi. Keyinroq u qon to‘kilishini oldini olish uchun shunday qilganini aytdi.
Boshqaruvsiz qolgan Afg‘oniston harbiylari esa mamlakatdan qochishga harakat qilmoqda yoki toliblarga taslim bo‘lmoqda.
LiveBarchasi