G‘alaba uchun barcha imkoniyatlarni ishga solamiz – Kannavaro

Sport

image

O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro Jahon chempionati guruh bosqichi so‘nggi turidan o‘rin olgan Kongoga qarshi bahsda g‘alaba qozonish uchun maydonga chiqishini aytdi. Bu haqda Kannavaro o‘yin oldidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida so‘z ochdi.

Italiyalik mutaxassis raqib haqida to‘xtalib, Kongo kuchli va tajribali jamoa ekanini ta’kidladi.

“Kongo juda yaxshi jamoa. Ular tajribali va jismonan yaxshi tayyorgarlikka ega. Biroq biz ularni mag‘lub etish uchun harakat qilamiz. Ertagagi o‘yin boshqacha bo‘ladi, chunki biz avvalgi ikki turda eng yuqori saviyadagi raqiblarga qarshi maydonga tushdik. Oxirgi uchrashuvni tahlil qildik va xulosalar chiqardik”, deydi Kannavaro.

Shuningdek, O‘zbekiston milliy terma jamoasi ustozi darvozabonlar tanloviga ham alohida izoh berdi.

“Birinchi o‘yinda Yusupov yaxshi harakat qildi. Biz boshqa darvozabonimizga ham imkoniyat berishni istadik. Jamoamizda yuqori saviyadagi uch nafar darvozabon bor. Men har bir futbolchiga imkoniyat berishga harakat qilyapman, chunki bu ular uchun muhim tajriba”, deydi u.

Murabbiyning aytishicha, Jahon chempionati O‘zbekiston terma jamoasi uchun katta tajriba maktabiga aylanmoqda.

“Biz bu turnirda juda ko‘p narsani o‘rganyapmiz. Jamoa sifatida o‘sishimiz mumkin, chunki yuqori darajadagi raqiblarga qarshi o‘ynayapmiz. Ertangi bahs ham rivojlanishimizga xizmat qiladi”, deya qo‘shimcha qildi Kannavaro.

Italiyalik mutaxassis futbolchilardan bosimni olib tashlashga harakat qilganini ham ta’kidladi.

“Ilk kunlardanoq futbolchilarga bosimni his qilmaslik kerakligini aytdim. Qur’a tashlanganidan keyin ham ularga erkin o‘ynash kerakligini ta’kidladim”.

Shuningdek, u Kongoga qarshi bahsda jamoa g‘alaba uchun maydonga tushishini bildirdi.

“Avvalgi ikki o‘yinda juda kuchli raqiblarga qarshi o‘ynadik. Shu bois ertangi bahs boshqacha o‘tadi. Men murabbiy sifatida o‘yin sifatini oshirishga va futbolchilarga yordam berishga harakat qilaman. Qo‘limizdan kelgan barcha imkoniyatni ishga solib, g‘alaba qozonish uchun harakat qilamiz”, deydi Fabio Kannavaro.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston va Kongo Demokratik Respublikasi terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv ertaga, 28 iyun kuni Toshkent vaqti bilan 4:30 da boshlanadi. Jahon chempionatidagi yurishini davom ettirishi uchun O‘zbekiston terma jamoasi raqibni 5 ta to‘p farqi bilan mag‘lubiyatga uchratishi kerak bo‘ladi. Pley-offga chiqish uchun Kongo DR terma jamoasiga har qanday hisobdagi g‘alaba qanoatlantiradi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing