Sargardonlik sillasini quritgan taqdirlar (fotoreportaj)
Olam
−
20 iyun 2020
11148XXI asrda insoniyat har sohada misli ko‘rilmagan darajada rivojlanishga erishgan bo‘lsa-da, Yer yuzida urushlar hamon davom etyapti. Bu urushlardan esa eng ko‘p tinch aholi aziyat chekyapti, odamlar o‘z uyini tashlab ketishga majbur bo‘lyapti. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda dunyoda 80 millionga yaqin odam o‘z Vatanini tashlab ketishga majbur bo‘lgan.
Boshqacha aytganda qochqinlar va o‘z uyini tashlab ketishga majbur bo‘lgan odamlar Yer aholisining 1 foizdan ortiqrog‘iga teng. Bu raqamlar yildan yilga ortsa ortyaptiki, kamaymayapti. So‘nggi 12 oyda esa qochqinlar soni deyarli 9 millionga ko‘paygan. Bu haqda BMTning Qochqinlar bo‘yicha oliy komissarligi idorasining yillik hisobotida aytib o‘tilgan. Hisobot har yili 20 iyun – Xalqaro qochqinlar kuni arafasida e’lon qilinadi.
2019 yil oxiridagi ma’lumotlarga ko‘ra, dunyoda 79,5 mln odam majburan o‘z uylarini tashlab ketgan. Ularning 45,7 millioni o‘z mamlakati hududida ko‘chib yuradi, 29,6 millioni chegaradan chiqib ketgan va qochqinga aylangan. 4,2 mln nafari xorijda o‘ziga joy berilishini kutyapti. Ular o‘z uyidan bezor bo‘lganidan emas, balki atrofidagi urushlardan charchab, jonini saqlab qolish uchun sarson bo‘lishga mahkum. Har yili minglab qochqinlar yo‘llarda, dengizda cho‘kib halok bo‘ladi.
“Majburiy ko‘chish muaommosi insoniyatning bir foizdan ortig‘iga ta’sir qilyapti”, deyiladi hisobotda. 2018 yil oxirida dunyoda qochqinlar soni 70,8 millionga teng bo‘lgan.
Komissarlik ko‘chishga majbur bo‘lganlar sonining ortishi haqida ma’lumot berib, 2019 yilda Kongo Demokratik Respublikasining Saxelya hududi hamda Yaman va Suriyaga e’tibor qaratgan. Hisobot mualliflari 13,2 mln suriyalik qochqin ekanini yoki mamlakat ichida ko‘chib yurishini ma’lum qilgan.
Qochqinlar soni ortishi bilan bir vaqtda ularning ortga qaytish imkoniyatlari kamayib boryapti. Agar 1990-yillarda yiliga 1,5 mln kishi o‘z Vataniga qaytgan bo‘lsa, so‘nggi yillarda bu ko‘rsatkich 385 minggacha tushib ketgan. Buni ham o‘sha BMT komissarligi aytyapti.
“Biz ko‘chishga majbur bo‘layotgan odamlarning o‘zgarayotgan haqiqatlarini ko‘ryapmiz. Ular nafaqat kengaydi, balki bu ko‘chishlar qisqa muddatli va vaqtinchalik bo‘lmay qoldi”, dedi BMTning qochqinlar bo‘yicha oliy komissari Filippo Grandi.
Komissarlik ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi 10 yilda qochqin va ko‘chgan insonlar soni deyarli ikki baravar – 41 mlndan 79,5 mlngacha ko‘paygan. Qochqinlarning uchdan ikki qismi Suriya, Venesuela, Afg‘oniston, Janubiy Sudan va Myanma fuqarolaridan iborat. Ko‘rinib turibdiki, qochqinlarning bari qurolli to‘qnashuvlar davom etayotgan mamlakatlardan chiqib ketgan. Bunday qo‘rqinchli statistikani ko‘rib, Xalqaro qochqinlar kunini allaqachon Xalqaro urush qurbonlari kuni deb nomlash payti kelmadimikan degan fikr paydo bo‘ladi.
LiveBarchasi