G7 Tashqi ishlar vazirlari Rossiyaga qarshi qo‘shma bayonot e’lon qildi
Olam
−
19 fevral 2022
16452Katta yettilik (G7) davlatlari Tashqi ishlar vazirliklari rahbarlari bugun, 19 fevral kuni Germaniyaning Myunxen shahrida bo‘lib o‘tgan xavfsizlik masalalariga bag‘ishlangan konferensiya chog‘ida Ukraina chegarasi bo‘ylab tizilgan Rossiya qo‘shinidan qattiq havotirda ekanligini bildirgan. Bu haqda konferensiya yakunida e’lon qilingan qo‘shma bayonotda so‘z borgan.
“Biz Ukraina bilan chegara bo‘ylab, noqonuniy ravishda anneksiya qilingan Qrim va Belarusda Rossiya harbiylari sonining ortib borayotgani sababli yuzaga kelgan tahdiddan jiddiy xavotirdamiz. Asossiz va oqlab bo‘lmas harakatlar o‘laroq, Rossiya harbiy imkoniyatlarining kuchayishi, Ikkinchi jahon urushidan keyin Yevropa qit’asi va global miqyosda yer yuziga tahdid solayotgan eng yirik xavfdir”, deyiladi qo‘shma bayonotda.
Shuningdek G7 lik Minsk kelishuvlarini to‘liq amalga oshirish borasida, Normand formatidagi sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.
“Biz Ukraina sharqidagi mojaroni diplomatik yo‘l bilan hal qilishda Minsk kelishuvini to‘liq bajarilishini ta’minlash bo‘yicha “Normand formatidagi” muzokaralarni olib borayotgan Germaniya va Fransiyaning sa’y-harakatlari qadrlaymiz va qo‘llab-quvvatlaymiz”, deyiladi e’lon qilingan qo‘shma bayonotda.
Bundan tashqari, bayonotda aytilishicha, G7 davlatlari Minsk kelishuvlarini amalga oshirish borasidagi Kiyevning intilishlarini ham qo‘llab-quvvatlaydi.
“Biz Prezident Vladimir Zelenskiyning Ukraina Minsk kelishuvlariga qat’iy sodiqligi va bu jarayonga konstruktiv hissa qo‘shishga tayyorligi ta’kidlangan bayonotlarini qo‘llab-quvvatlaymiz. Kelishuvlar borasida Ukraina ilgari surayotgan tashabbuslar, Rossiya hukumati va G‘arb bilan muzokara olib borayotgan Kreml rasmiylari tomonidan diqqat bilan o‘rganib chiqilishi kerak”, deya qo‘shimcha qilinadi G7 bayonotida.
Konferensiya davomida “Yettilik” guruhi Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligiga sodiqligini yana bir bor tasdiqlagan.
“Biz Ukrainaning xalqaro miqyosda tan olingan suvereniteti, chegaralari va hududiy yaxlitligiga sodiqligimizni yana bir bor tasdiqlaymiz. Biz xavfsizlikka tahdid sifatida davom etayotgan provokatsiyalar va beqaror harakatlarga qarshi Ukrainaning vazmin pozitsiyasini olqishlaymiz”, deyiladi G7 davlatlarining Tashqi ishlar vazirliklari e’lon qilgan qo‘shma bayonotda.
Eslatib o‘tamiz, bunda avval Myunxendagi ushbu konferensiya davomida NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg Rossiyani Ukraina bilan chegaradosh hududlar bo‘ylab joylashtirilgan qo‘shinlarni ortga qaytarishda qat’iy qadam tashlashga chaqirgani haqida xabar bergan edik.
LiveBarchasi