Zaxarova Zelenskiyni “yuraksiz xudbin” deb atadi
Olam
−
19 fevral 2022
12510Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Matbuot kotibi Mariya Zaxarova Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyni “Donbass aholisining o‘zi hujumlarni uyushtirayotgani va yolg‘on xabar tarqatayotgani” haqidagi so‘zlariga izoh berib, uni “yuraksiz xudbin” deb atagan.
“O‘z his-tuyg‘ularimni qo‘shtirnoqdan tashqarida izhor qilmoqchiman. Garchi, bu holatda bunday qilish men uchun juda qiyin bo‘lsa ham. Donbass aholisiga nisbatan "ularning o‘zlari hujumni boshladi" degan bayonotni, DXR va LXRda yillar davomida qanchadan-qancha odam o‘lganini hisobga oladigan bo‘lsak, faqatgina yuraksiz xudbin odam aytishi mumkin", deb yozgan o‘zining Telegram-kanalida.
Bundan tashqari, Zaxarovaning qo‘shimcha qilishicha, Ukrainadagi YeXHT Maxsus monitoring missiyasi (MMM) Donbassdagi otishmalar davomida “ko‘proq hujum Kiyev nazorati ostidagi kuchlar tomonidan uyushtirilgani”ni qayd etgan.
“Balki shuning uchun ham Vashington Missiya kuzatuvchilari orasidagi AQSH fuqarolarini olib chiqib ketgandir. Yolg‘onga guvohlar orasida amerikaliklar bo‘lmasligi uchun. Bo‘lmasa, ular o‘z hukumatini yolg‘onchilikda ayblashi mumkin edi”, deya ta’kidlagan rossiyalik diplomat.
Eslatib o‘tamiz, Ukrainaning sharqiy hududlarida joylashgan rossiyaparast, o‘zini suveren deya atovchi hududlar - tan olinmagan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasi (DXR) yetakchilari kecha, 18 fevral kuni aholini Rossiyaga evakuatsiya qilish haqida buyruq bergan.
Ukraina tarkibidan ajralib chiqish harakatida bo‘lgan ikki hudud joriy yilning 17 fevral kuni Ukraina harbiylari Donbassga hujum qilganini ro‘kach qilib, Kiyevni ayblamoqda. Ammo, rasmiy Kiyev LXR va DXR tomonidan Ukraina hududiga 60 marotaba o‘q uzilganini aytmoqda. Hatto, ba’zi hujumlar og‘ir artilleriyalar yordamida uyushtirilgani ma’lum qilingan.
Rasmiy Kiyev LXR va DXRni Rossiya hujumga o‘tishi uchun bahona yaratish maqsadida, Ukraina ularga birinchi o‘t ochgani haqidagi yolg‘on xabarlarni tarqatishda ayblagan.
LXR va DXR hujum boshlangani ortidan o‘z fuqarolarini Rossiya hududiga evakuatsiya qila boshlagan.
LiveBarchasi