NATO Rossiyaga talab qo‘ydi
Olam
−
19 fevral 2022 27749 2 daqiqa
NATO Yevropada xavfsizlikni ta’minlash va Ukraina chegarasidagi qo‘shinlarini ortga qaytarish borasida Kremldan jiddiy qadam tashlashni talab qildi. Bu haqda Shimoliy Atlantika alyansi Bosh kotibi Yens Stoltenberg bugun, 19 fevral kuni Germaniyaning Myunxen shahrida bo‘lib o‘tgan xavfsizlik bo‘yicha konferensiya davomida ma’lum qilgan.
“Biz Rossiyani Ukraina chegarasidan qo‘shinlarini ortga qaytarishga da’vat qilamiz. Bu tinchlikni ta’minlash borasida qo‘yilgan ilk ijobiy va muhim qadam bo‘ladi”, degan NATO Bosh kotibi.
Stoltenbergning ta’kidlashicha, alyans mintaqada xavfsizlikni kafolatlash borasida Moskva bilan muzokaralar o‘tkazishga umid qilishda davom etadi.
“Men yana bir bor o‘z taklifimni takrorlab, Rossiyani mintaqada xavfni kamaytirish hamda oddiy va yadroviy qurollarni nazorat qilish borasidagi masalalarni muhokama qilish uchun bir qator uchrashuvlar o‘tkazishga chaqiraman”, degan Stoltenberg.
U yana Kremlni Ukraina atrofidagi ziddiyatni hal qilish uchun diplomatiya yo‘lini tanlashga chaqirgan. Unga ko‘ra, “bunday mantiqli muzokaralar yo‘lini tanlash nafaqat butun Yevropa, balki Rossiyaning o‘zi uchun ham xavfsizlik kafolati doirasi juda muhim”.
Bundan tashqari, NATO rahbari Rossiyaning alyansga Sharqiy Yevropa tomon kengaymasligi borasida qo‘ygan talabini inkor qilishini bildirib, Yevropada xavfsizlikni NATO ishtirokisiz ta’minlab bo‘lmasligini urg‘ulagan.
"Hozirgi inqiroz Yevropa xavfsizligi uchun transatlantik munosabatlar o‘ta muhimligini ko‘rsatmoqda. Ikki jahon urushi va Sovuq urush bizga kuchli transatlantik aloqalarsiz Yevropada haqiqiy xavfsizlik yo‘qligini o‘rgatdi", deya ma’lum qilgan NATO Bosh kotibi.
Shuningdek, u bunday hamkorlik doirasida NATO a’zolari “demokratik hayot tarzi”ni himoya qilishda davom etishini qo‘shimcha qilgan.
“NATO bilan birgalikda, Yevropa va Amerika ham 70 yildan ko‘proq vaqt mobaynida davom ettirib kelayotganidek, tinchlikni saqlash va demokratik hayot tarzini himoya qilish pozitsiyasida sodiq qoladi”, degan alyans Bosh kotibi.
Live
Barchasi