G20 yakunida insoniyat uchun muhim deklaratsiya qabul qilindi

Olam

image

Bugun, 16 noyabr kuni Indoneziyaning Bali orolida bo‘lib o‘tgan G20 (yirik iqtisodiyotli 20 ta davlat) davlat rahbarlari global o‘rtacha haroratning Selsiy bo‘yicha 1,5 darajaga ko‘tarilishini cheklash haqida kelishib oldi. Katta yigirmatalik ko‘mirdan foydalanishni bosqichma-bosqich kamaytirish borasidagi sa’y-harakatlarni tezlashtirish zarurligini ham tan olgan. Bu haqda “Reuters” agentligi xabar berdi.

G20 davlatlari birgalikda e’lon qilgan deklaratsiyada Birlashgan Millatlar Tashkilotining Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Konvensiyasining maqsadini amalga oshirish bo‘yicha majburiyatlarini yana bir bor tasdiqlagan.

“Biz yetakchilik rolimizni hisobga olib, Parij kelishuvi va uning harorat maqsadini to‘liq va samarali amalga oshirishni kuchaytirish orqali iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash bo‘yicha BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Konvensiyasi (Birlashgan Millatlar Tashkilotining Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha doiraviy konvensiyasi) maqsadiga erishish yo‘lida qat’iy majburiyatlarimizni yana bir bor tasdiqlaymiz”, deyiladi sammit yakunida e’lon qilingan deklaratsiyada.

Jahon hukumatlari 2015 yilda Fransiyada bo‘lib o‘tgan BMT sammiti chog‘ida global haroratning o‘rtacha o‘sish darajasini Selsiy bo‘yicha 1,5 darajagacha cheklashga harakat qilishga kelishib olgan. Bu Parij kelishuvi nomini olgan. Kelishuv global iqlim o‘zgarishlariga qarshi kurashish yo‘lida katta yutuq sifatida ko‘riladi.

“Biz haroratning 1,5 darajagachagacha ko‘tarilishini cheklash bo‘yicha sa’y-harakatlarni davom ettirishga qaror qildik. Bu barcha mamlakatlardan mazmunli va samarali harakatlar va majburiyatlarni talab qiladi”, deyiladi G20 bayonotida.

Shuningdek, deklaratsiyada samarasiz qazilma va yoqilg‘i subsidiyalarini bosqichma-bosqich bekor qilish bo‘yicha xalqaro maqsad yana bir bor tasdiqlangan. Rivojlangan davlatlar iqlim o‘zgarishlari sabali yuzaga kelayotgan muammolarni yumshatish uchun yiliga 100 milliard dollar ajratish majburiyatlarini bajarishga chaqirilgan.

Eslatib o‘tamiz, Indoneziyadagi G20 sammiti kecha, 15 noyabr kuni o‘z ishni boshlagan edi. Unda dunyoning eng katta liderlari ishtirok etdi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin esa bandligi sababli sammitda qatnashmadi. Shuningdek, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy katta davlatlarning rahbarlari bilan videokonfrensiya rejimi orqali bog‘langan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

137

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing