G‘azo oldin qamoqxona edi, endi qabristonga aylandi –Anjelina Joli

Olam

image

Taniqli Gollivud aktrisasi Anjelina Joli G‘azo sektorida begunoh halok bo‘layotgan aholini tilga oldi va tomonlardan zudlik bilan sulh tuzishni talab qildi. U bu haqda o‘zining Facebook'dagi sahifasida post qoldirdi.

"Bu qochadigan joyi yo‘q, qamaldagi aholini ataylab bombardimon qilishdir. G‘azo qariyb yigirma yil davomida ochiq qamoqxona bo‘lib kelgan va tez sur’atlarda ommaviy qabristonga aylanib bormoqda. Halok bo‘lganlarning 40 foizi begunoh bolalardir. Butun boshli oilalar o‘ldirilmoqda. Dunyo  bunga guvoh bo‘layotgan va ko‘plab hukumatlar faol qo‘llab-quvvatlayotgan bir paytda millionlab falastinlik tinch aholi - bolalar, ayollar, oilalar xalqaro huquqqa zid ravishda jazolanmoqda va oziq-ovqat, dori-darmon, insonparvarlik yordamidan mahrum qilinmoqda", deb yozgan aktrisa. 

Shuningdek, uning so‘zlariga ko‘ra, insonparvarlik sulhini talab qilishdan bosh tortish va Birlashgan Millatlar tashkiloti Xavfsizlik Kengashining har ikki tomonga ham kelishuvni yuklashiga to‘sqinlik qilish bilan dunyo yetakchilari bu jinoyatlarga sherik bo‘lyapti.

BMTning sobiq elchisi Joli postida so‘nggi  haftalarni qanday yordam ko‘rsatishni o‘ylash bilan o‘tkazgani va azob chekkan oilalar uchun ibodat qilayotganini bildirgan.

"Eng og‘iri - juda ko‘p bolalar o‘ldirildi yoki yetim qoldi. Isroilda sodir bo‘lgan voqea terroristik harakatdir. Ammo bu G‘azoda boradigan joyi, oziq-ovqat va suvga, evakuatsiya qilinish imkoniyatiga va hatto, chegaradan boshpana izlash huquqiga ega bo‘lmagan tinch aholini bombardimon qilishni hamda buning oqibatida halok bo‘lgan begunoh hayotlarni oqlay olmaydi", deydi u.

Bundan tashqari, Anjelina Joli sektorga yetkazib berilayotgan insonparvarlik yordamlariga bo‘lgan talab tobora ortayotganiga to‘xtaldi va butun insoniyat nomidan sulh talab qildi.

"Insoniyat zudlik bilan sulh talab qiladi. Falastin va Isroilliklarning hayoti butun dunyodagi barcha odamlarning hayoti bilan teng ahamiyatga ega", dedi BMTning sobiq elchisi.

Aktrisaning bildirishicha, u ham G‘azo sektoriga tibbiy yordam uchun xayriya qilgan. 

Ma’lumot uchun, Anjelina Joli 20 yildan ortiq BMTning Qochqinlar bo‘yicha agentligida faoliyat yuritgan. U 2001-2012 yillarda yaxshi niyat elchisi, 2012-2022 yillarda esa maxsus elchi lavozimida ishlagan. BMTning Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissarligidagi faoliyati davomida u 60 dan ortiq dala missiyalarini amalga oshirgan.


Maqola muallifi

Teglar

G'azo Anjelina Joli

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made