FVV soxta “pojarniy” xodimlaridan ogohlantirdi
Jamiyat
−
29 noyabr 2023
8323O‘zbekiston bo‘ylab maxsus kiyim-boshdagi shaxslar o‘zlarini “davlat yong‘in nazorati organi (“pojarniy”) xodimi” sifatida tanishtirib, fuqarolardan “yillik to‘lov” qabilida turli miqdordagi pul mablag‘larini undirib olayotgani kuzatilmoqda. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar berdi.
Vazirlik yuqorida aytib o‘tilgan shaxslarning FVV faoliyatiga hech qanday aloqasi yo‘qligini, shu bilan birga, yong‘in va uning oldini olish bilan bog‘liq tadbirlar uchun vazirlik tizimi xodimlari tomonidan hech qanday pul yig‘imlari, boshqa turdagi to‘lovlar undirilmasligini ma’lum qilgan.
“Hozirda yurtimizning turli hududlarida favqulodda vaziyatlar, yong‘inlarning oldini olishga qaratilgan tadbirkorlik sub’ektlari faoliyat yuritadi. Ularning nizomlarida ham favqulodda vaziyatlarning oldini olish yuzasidan aholiga xizmat ko‘rsatish vazifalari belgilangan”, deyiladi xabarda.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi fuqarolardan bu borada quyidagilarga e’tibor qaratishni so‘ragan:
- o‘zini FVVning quyi tizimlariga o‘xshash tashkilotlar nomlari bilan tanishtirgan shaxslardan, birinchi navbatda, o‘z shaxsini tasdiqlovchi hujjatini taqdim etishini talab qilish;
- ularning faoliyat turi hamda qanday xizmatlar ko‘rsatishiga aniqlik kiritish;
- ular tomonidan taklif qilinadigan xizmatlarni bajarish faqat fuqaroning roziligi asosida amalga oshirilishi mumkinligini unutmaslik.
“Agar, xizmat ko‘rsatmasdan va siz yoki oila a’zolaringizni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish yuzasidan biror ishlarni bajarmasdan, sizdan majburiy tartibda to‘lov talab qilinsa, o‘z huquqlaringizni himoya qilish maqsadida, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat etishingiz mumkin”, deyiladi FVV bayonotida.
LiveBarchasi