Vaksina tayyor bo‘lguncha koronavirusni mag‘lub qilish yo‘li aytildi
Salomatlik
−
31 mart 2020
29422Rossiyalik epidemiolog Mixail Favorov vaksina tayyor bo‘lguncha koronavirusga qarshi qanday qilib kurashish kerakligini aytib o‘tdi. Uning fikricha, pandemiyaga qarshi hukumatlar tomonidan ko‘rilayotgan qat’iy chora-tadbirlar va qoidalarga 100 foiz amal qilinsagina muddatdan oldin g‘alabaga erishish mumkin.
"Agar aholining 90 foizi karantinda bo‘lsa-yu, 10 foizi karantin qoidalarni buzishda davom etsa, epidemiyani yengishning iloji bo‘lmaydi", deydi epidemiolog.
Favorovning ta’kidlashicha, ushbu holatda yangi virus o‘choqlari qayd etilaveradi. Aynan o‘sha 10 foiz odam qolganlarga ham zarar keltirishi mumkin.
"Shuning uchun uyda qolish juda muhim. Ayniqsa, safarlarni bekor qiling. Bunday xavfli kasalliklarga nisbatan befarqlik katta yo‘qotishlarga olib keladi", deydi Favorov.
Epidimiolog, shuningdek, muammoning ob’ektiv yoritilishi va unga jiddiy munosabatda bo‘lish ham koronavirusni yengishga yordam berishini aytdi. Xususan, uning fikricha, Xitoy hukumatining dastlabki harakatlari juda foydali bo‘ldi va hozir o‘z natijasini ko‘rsatmoqda.
"Pekin tezkor choralar ko‘rdi va virus tarqalishining markazi – 11 million aholisi bo‘lgan Uxan shahrida o‘z vaqtida karantin joriy qildi. Shuningdek, karantin qoidalarini buzganlik uchun 10 yildan to umrbod muddatgacha qamoq jazosi tayinlandi", deydi olim.
Ma’lumot uchun, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti joriy yilning 11 mart kuni koronavirus kasalligini pandemiya, deb e’lon qildi. Hozirgacha ushbu virus dunyoning 178 mamlakatida aniqlangan. Kasallik dunyo bo‘yicha 785 807 nafar odamda qayd qilingan. Ularning 37 822 nafari vafot etgan, 165 659 nafari esa ushbu kasallikdan forig‘ bo‘lgan. Hozirda kasallik yuqtirgan 582 326 nafar odam karantinda yoki shifoxonada davolanmoqda. Ularning 552,838 nafari yoki 95 foizi qoniqarli ahvolda, 29 488 nafarining ahvoli og‘ir.
LiveBarchasi