O‘zbekiston qahramoni: 3 yil avval ham o‘sha mehnatni qilardik, lekin qo‘rqardik

Jamiyat

“So‘nggi uch yilni oladigan bo‘lsak, fermerlarimiz yil yakunida foyda bilan chiqadigan bo‘lib qoldi. Uch yil avval ham o‘sha mehnatni qilardik, lekin qo‘rqardik. So‘nggi uch yil ichida ham mehnat qilyapmiz, ham qo‘rqmayapmiz. Qarang endi bu sharoitni”, deydi Lola Murodova.

Bugun, 18 yanvar kuni Toshkent shahrida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Siyosiy kengashi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida eng ko‘p ovoz olgan O‘zLiDeP tomonidan Bosh vazir nomzodligiga amaldagi Bosh vazir Abdulla Aripov nomzodi ham taklif qilindi. Tadbirda O‘zbekiston qahramoni, fermer Lola Murodova Abdulla Aripov haqida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

“2007-2008 yillar Abdulla Aripov Farg‘ona viloyatiga tashrifida bizning fermer xo‘jalikka ham bordi. Biz bilan uchrashib suhbatlashdi. Rahbar ham shunday bo‘ladimi, deb ishchilarimiz uning samimiy muomalasidan hayron qoldi”, deydi Lola Murodova. 

U shuningdek, Abdulla Aripov xizmat safari bilan borgan vaqtda mutasaddilarga ishonmay unayotgan g‘o‘zani tekshirish uchun dalaning ichki qismlariga kirgani va hosil yaxshi bo‘lishi uchun maslahatlarini berganini aytdi. Prezident va Vazirlar Mahkamasi tomonidan yaratilgan imkoniyatlar natijasida Markaziy Farg‘ona cho‘llarida ham belgilangan rejalarni bajarib kelayotganini ta’kidladi. O‘zLiDeP deputatlariga xalqning yaxshi yashashi, mamlakatning rivojlanayotgani misolida Aripovning xizmatlari borligini aytdi. Ularni Bosh vazir nomzodligiga Aripovni qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.

Eslatib o‘tamiz, Abdulla Aripov Bosh vazirlik lavozimini 2016 yil dekabr oyidan beri egallab kelmoqda. Bungacha amaldagi Prezident Shavkat Mirziyoyev mazkur lavozimda faoliyat yuritgandi.
 


Maqola muallifi

Teglar

Abdulla Aripov O'zLiDeP Lola Murodova

Baholaganlar

258

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing