Futbolning katta qiroli 40 yoshni qarshiladi

Tahlil

image

Bugun, 5 fevral kuni futbol tarixidagi eng yaxshi futbolchilaridan biri, Chempionlar ligasining bir necha karra g‘olibi, terma jamoasi bilan Yevropa va Millatlar ligasi kubogi sohibi, faoliyatidagi gollari sonini 923 taga yetkazib olgan Krishtianu Ronaldu 40 yoshni qarshi oldi.

Katta futbolga qadam

Krishtianu Ronaldu 1985 yilning 5 fevralida Portugaliyaning Funshal shahrida tug‘ildi. Uning ismidagi Ronaldu nomini ota-onasi AQSH sobiq prezidenti Ronald Reyganga atab qo‘ygan. Krishtianu bolalik chog‘laridanoq futbolga mehr qo‘ygan. Uning havaskor futboldagi ilk klubi “Andorinya” bo‘lgan. Keyinchalik u bir muddat “Nasonal”da va 1997 yildan boshlab “Sporting”da mashg‘ulot olib borgan. Professional futbol faoliyatini ilk bor “Sporting” klubida 2002 yilda boshlagan va debyut mavsumdayoq 25 ta o‘yinda 3 ta gol urishga erishdi.

Ronalduni Ronaldu qilgan Fergyuson

2003 yilning 13 avgustida Krishtianu Ronaldu “Old Trafford”da rasman “Manchester Yunayted” futbolchisi sifatida tanishtiriladi. Dastlab, u klub safida 28-raqam ostida maydonga tushadi, ammo o‘zi 7-raqamni xohlardi. Biroq bu raqam ostida Jorj Best, Brayan Robson, Erik Kantona, Devid Bekxem kabi afsonaviy futbolchilar o‘ynagan va bu mas’uliyatni bo‘yniga olishga qo‘rqqan. “Manchester Yunayted” safidagi debyut o‘yini 2003 yilning 16 avgustida APL doirasida “Bolton” jamoasiga qarshi bo‘lgan. Jamoa tarkibidagi ilk golini esa o‘sha yilning 1 noyabr kuni “Portsmut”ga qarshi jarima zarbasidan kiritgan. Chempionlar ligasining 2004 yilgi mavsumida “Manchester Yunayted” safida “Portu”ga qarshi o‘yinda Ronaldu asosiy tarkibda maydonga tushadi. Mavsum yakuniga ko‘ra, klub 3-o‘rinni qayd etadi. Jamoa bosh murabbiyi Aleks Fergyuson ham Ronalduning o‘yinlaridan ko‘ngli to‘lardi va keyin unga 7-raqamda o‘ynashini aytadi.

“Sen 28-raqamda emas, endi 7-raqamda o‘ynaysan”, deydi Fergyuson.

Murabbiy va futbolchining munosabatlari yaxshi edi. Ronaldu keyinchalik bergan intervyusida shunday deydi:

“Bir kuni otam shifoxonada edi. Men esa tabiiyki tushkunlikka tushdim. Murabbiy bilan gaplashdim. Keyin u 2-3 kun otangning yonida bo‘l, dedi. Ammo oldinda jamoani qiyin o‘yinlar kutib turgandi. O‘sha paytda men klubning asosiy futbolchilaridan biri edim. Lekin Fergyuson mening vaziyatimni tushungan va menga uyimga ketishga ruxsat bergan”, deydi Ronaldu.

KriRoning Madriddagi shonli 9 yili

Angliyadagi muvaffaqiyatli faoliyatdan keyin Ronaldu 2009 yilning 6 iyulida “Real Madrid” futbolchisi sifatida tanishtiriladi. O‘sha kuni tanishtiruvga “Santyago Bernabeu”ga 80 ming muxlis tashrif buyurgandi. U tanishtiruv vaqtida “Uno, dos, tres Hala Madrid” deya muxlislar bilan yaqin bo‘lib olgandi. Keyinchalik bunday tanishtiruvlarni klubning yangi futbolchilari odat qilib oldi. Kilian Mbappe, Endrik kabilar shu usuldan foydalanishdi.

Ronaldu “Real” tarkibida dastlab, 9-raqam ostida o‘ynaydi. Chunki u vaqtlar Madrid jamoasi 7-raqami Ispaniya futboli afsonasi Raul Gonsalesga tegishli edi. Uning “Qirollik klubi”dagi debyuti 2009 yilning 29 avgustida “Deportivo”ga qarshi ro‘y beradi va o‘sha o‘yindayoq u jamoasi tarkibidagi dastlabki golini kiritadi. 2010/11 yilgi mavsumda Raul klubni tark etadi va 7-raqam Krishtianuga o‘tadi. 

9 yil davomida Krishtianu “Real Madrid” bilan 2 martadan La Liga, Ispaniya kubogi va Ispaniya Superkubogi, 4 karra Chempionlar ligasi va 2 karra UEFA Superkubogi va 3 marta klublar o‘rtasidagi jahon chempionati g‘olibiga aylandi. Shuningdek, Ronaldu umumiy 140 ta Chempionlar ligasi tarixidagi eng yaxshi to‘purar ham bo‘ldi. U Madriddagi shuncha yillik faoliyatida klub safida umumiy 292 ta o‘yinda maydonga tushib, 311 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi.

A Seriyaga sayohat

Krishtianu 9 yillik Madriddagi faoliyatidan keyin 2018 yilning 10 iyulida Italiyaning “Yuventus” klubiga o‘tadi. A Seriya yetakchisi tarkibida 2018 yildan 2021 yilga qadar faoliyat olib borgan Ronaldu barcha musobaqalarda 98 ta o‘yinda maydonga tushib, 81 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi.

Jonajon “Yunayted”ga qaytish


2021 yilning 27 avgustida Ronaldu yana “Manchester Yunayted”ga qaytdi. Uning kelishi bilan Kavani 7-raqamni Krishtianuga bo‘shatib berdi. O‘sha vaqtda Ronalduning prinspial raqobatchisi Lionel Messi ham faoliyatini PSJda davom ettirishga qaror qilgandi. Sobiq klubiga qaytishi bilanoq muxlislar futbolchini iliq kutib oldi. Ammo 2022 yilda “Manchester Yunayted” bosh murabbiyi etib tayinlangan Erik Ten Xag Krishtianu bilan urishib qoladi va futbolchi 2022 yilning noyabr oyida klubni tark etadi. Ta’kidlash kerakki, Ronaldu “Manchester Yunayted” safida 2003 yildan 2009 yilgacha 196 ta o‘yinda 84 ta gol urgan bo‘lsa, 2021/22 yilgi mavsumda 40 ta o‘yinda maydonga tushib, 19 ta gol urishga ulgurdi.

“Al-Nasr”ga o‘tish

Ronaldu 2023 yilning oxirida, ya’ni 30 dekabr kuni barcha futbol muxlislarining e’tiborini o‘ziga qaratib, kutilmaganda Saudiyaga yo‘l olishga qaror qildi. U “Al-Nasr” bilan 2.5 yilga mo‘ljallangan shartnoma imzoladi. Hujumchi 2023 yilning yanvar oyida “Al-Tai”ga qarshi debyut o‘yinda maydonga tushadi. 2023/24 yilgi mavsumda u yilning eng sermahsul futbolchisi bo‘ldi.

Portugaliya terma jamoasidagi faoliyat

Ronaldu Portugaliya terma jamoasida 2003 yilning 20 avgustida 18 yoshida debyutni amalga oshiradi. Hozirgi kunga kelib, u terma jamoa safida umumiy 217 ta o‘yinda maydonga tushib, 135 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi va bu borada futbol tarixida rekord o‘rnatdi. 

Shaxsiy va jamoaviy sovrinlar

Dastlab shaxsiy sovrinlariga to‘xtalib o‘tsak, u 2008, 2013, 2014, 2016, 2017 yillarda 5 karra “Oltin to‘p” sohibiga aylangan. 7 karra Chempionlar ligasining eng yaxshi to‘purari. 2009 yilda uning “Manchester Yunayted” safida urgan goli eng chiroyli gol deb topildi va “Pushkash” sovriniga ega chiqdi. 4 karra “Oltin butsa” sovrini sohibi. U bu unvonga 2008, 2011, 2014 va 2015 yilda erishgan. 2016 va 2017 yilda 2-marta “The Best” sovrinini qo‘lga kiritdi.

Klublar miqyosida “Sporting” bilan Portugaliya Superkubogi sohibi. “Manchester Yunayted” bilan 2006/07, 2007/08, 2008/09 yilgi mavsumda APL chempioni, 2008 yilgi klublar o‘rtasidagi Jahon chempioni va 2007/08 yilgi mavsum Yevropa Chempionlar ligasida zafar quchgan. “Real” bilan 4 marta Chempionlar ligasi kubogi, 2 karradan La Liga, Ispaniya Superkubogi va UEFA Superkubogi sohibi. 3 karra klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida g‘olib chiqdi. “Yuventus” bilan 2 karra A Seriya chempioni, 2 marta Italiya Superkubogi va 1 marta Italiya Kubogi g‘olibi bo‘ldi. “Al-Nasr” bilan 2023 yilda Arab Chempionlar ligasi chempioni. 

Portugaliya terma jamoasi bilan 2016 yilda Fransiyada o‘tkazilgan Yevropa chempionati g‘olibi va 2018/19 yilgi mavsumda UEFA Millatlar ligasida zafar quchgan. 

40 yoshni qarshilagan futbolning katta qiroli umumiy futbolchilik faoliyati davomida umumiy 1261 ta o‘yinda maydonga tushib, 923 ta gol va 257 ta assist amalga oshirdi. Uning ayni damdagi maqsadi gollari sonini 1000 taga yetkazish.


Maqola muallifi

Teglar

Manchester Yunayted Krishtianu Ronaldu Chempionlar ligasi Real Madrid Millitlar ligasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing