Futbol bo‘yicha O‘zbekiston kubogining 3 ta chorak finalchisi aniqlandi

Sport

image

Bugun, 23 avgust kuni futbol bo‘yicha O‘zbekiston kubogining nimchorak final bahslari davom ettirildi.

Toshkentning “Paxtakor” klubi o‘z maydonida Qashqadaryoning “Sho‘rtan” klubi bilan bahs olib bordi. Uchrashuv kutilganidek “sherlar” ustunligi ostida boshlandi. Natijada, Abbosbek Fayzullayev o‘yinning 1-daqiqasidayoq “Paxtakor”ni hisobda oldinga olib chiqdi. Buyog‘iga “Paxtakor” raqibiga hech qanday imkoniyat qoldirmadi. 56-daqiqada Dostonbek Hamdamov oradagi farqni ikkitaga yetkazgan bo‘lsa, 63-daqiqaga kelib, Fayzullayev dublni rasmiylashtirdi. Oleksandr Nasonov 71-daqiqada “Paxtakor”ning uchrashuvdagi to‘rtinchi goliga mualliflik qildi. Bahs yakunlanishiga 2 daqiqa qolganida Muhammadali O‘rinboyev “sherlar”ning beshinchi golini urdi va yakuniy hisob 5:0 ko‘rinishiga keldi.

Yana bir bellashuvda Qarshining bosh jamoasi “Nasaf” klubi Surxondaryoning “Surxon” jamoasi maydoniga safar qildi. Bahsning 6-daqiqasida Sharof Muhitdinov “ajdarlar”ning hujumini samarali yakunlandi. Shundan so‘ng “Nasaf” o‘yinni osonlik bilan nazorat qilishi kutilgandi, biroq bunday bo‘lib chiqmadi. 40-daqiqada Boburjon Akbarov muvozanatni tikladi. 63-daqiqa o‘tib borayotgan bir paytda Husniddin Aliqulov qarshiliklarni hisobda oldinga olib chiqdi, – 2:1. Bahsda hisob boshqa o‘zgarmadi.

Kunning uchinchi uchrashuvida “Olimpik” Namanganning “Navbahor” jamoasiga qarshi saf tortdi. Uchrashuvning 20-daqiqasida Jamshid Boltaboyev namanganliklarni hisobda oldinga olib chiqdi va ushbu gol o‘yinda yagonaligini saqlab qoldi.

Shu tariqa, o‘z uchrashuvlarini g‘alaba bilan yakunlagan “Paxtakor”, “Nasaf” va “Navbahor” jamoalari O‘zbekiston kubogining chorak final bahslariga yo‘l oldi.


Maqola muallifi

Teglar

“Paxtakor” “Navbahor” “Nasaf”

Baholaganlar

284

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing