Fuqaroning 71 ming dollar va 1 mlrd so‘m pulini o‘zlashtirib, xorijga chiqib ketgan shaxsga jinoiy ish ochildi

Jamiyat

image

Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida fuqaroning 71 ming 200 dollar pulini o‘zlashtirib, xorijga chiqib ketgan shaxsga jinoiy ish ochildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, 2020 yilning iyul oyidan dekabr oyiga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ida 31 yoshli H.T. Qo‘qon shahrining turli hududlarida tanishi 38 yoshli K.I. ga bank tizimi pul o‘tkazmalari orqali pullarini aylantirib, ko‘p foyda olishi mumkinligiga qiziqtirgan. So‘ngra, undan jami 71 200 AQSH dollar va 1 milliard 9 million 258 ming so‘m pulini aldov yo‘li bilan olib, ushbu pullarni o‘z ehtiyojlariga sarflab yuborgan.

Mazkur holat yuzasidan Qo‘qon shahri bo‘yicha IIO FMB Tergov bo‘limi tomonidan H.T. ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (Firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Olib borilgan tergov harakatlari jarayonida aniqlanishicha, K.I. Qo‘qon shahrida joylashgan xususiy korxona rahbari bo‘lib, “Agrobank” Qo‘qon shahri filiali mijozi ekanligini aytgan. U ushbu bank xodimi H.T. bilan ancha yildan beri tanish bo‘lib, unga 20 ming dollar qarz berganida, H.T. ushbu pullarni bankka qo‘yib foyda olishini aytib, uni qiziqtirib bir oylik foydaning yarmi deb boshlanishiga 2 250 000 so‘m pul olib kelib bergan.

Keyinchalik H.T. K.I. dan olgan pullari evaziga foydasi deb jami 240 mln so‘m pul mablag‘lari berib, u ham qiziqib yanada ko‘proq pul berib borgan. Oradan ma’lum bir vaqt o‘tib, H.T. xorijga chiqish pasportini olib Qirg‘izistonga chiqib ketib qolgan, undan olgan pullarini bankka qo‘ymasdan ehtiyojlariga sarflab, bir qismiga yer uchastkasi sotib olib, bir qismini tanish ayoliga bergan.

Hozirda Husanjon T.,ni ushlash choralari ko‘rilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

355

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing