Fuqarolarni Yevropaga ishga yuborishni va’da qilgan firibgarlar ushlandi
3-sahifa
−
01 iyul
3993O‘zbekistonda fuqarolarni Buyuk Britaniya, Kanada va Yevropa Ittifoqiga ishlash uchun yuborishni va’da qilgan firibgarlar qo‘lga olindi. Bu haqda Bosh prokuratura departamenti xabar berdi.
Qayd etilishicha, departamentning Samarqand shahar bo‘limi tomonidan fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish yuzasidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro A.Sh. fuqaro Sh.B. va boshqalarning ishonchiga kirib, ularni Angliya davlatiga ishlash uchun yuborishni va’da qilgan. Evaziga ularning 18 000 AQSH dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganligi aniqlangan.
Departamentning Oltinko‘l tuman bo‘limi va DXX xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa fuqaro X.T. fuqaro S.K.ning ishonchiga kirib, uni Kanada davlatiga ishga yuborishi evaziga 3 000 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shu kabi, departamentning Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi va DXX xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro I.J. fuqaro E.X.ni 1 500 AQSH dollari evaziga Serbiya yoki Bolgariya davlatlariga ishlash uchun viza olib berishini aytib, shundan 500 AQSH dollarini firibgarlik yo‘li bilan olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
“Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jizzaxda fuqaroni AQSHga yuborishini aytib, Afrikaga jo‘natgan shaxs ushlangandi.