Fuqarolar norozi: Sergelida bir emas, besh uy yongan

Jamiyat

Xabaringiz bor, bugun, 20 may kuni Sergeli tumani Navro‘z mahallasi 6-tor ko‘chasida yong‘in yuz berdi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi bergan birlamchi ma’lumotda yong‘in bitta uyda sodir bo‘lgani xabar qilindi.

Yong‘in haqida xabarlar tarqalgach, fuqarolar QALAMPIR.UZ’ga murojaat qilib, hodisada bir emas, 4 ta uy yonib ketgani va bitta xonadon zararlanganini aytib, norozilik bildirdi. Holatni o‘rganish va fuqarolar noroziligini tinglash uchun QALAMPIR.UZ jamoasi voqea joyiga yetib bordi.

Fuqarolarning aytishicha, kecha, 19 may kuni kuzatilgan kuchli shamol natijasida elektr ta’minotida uzilish yuz bergan. 20 may kuni tongi soat 6:45 lar atrofida elektr tarmog‘iga qayta ulanish payti katta kuchlanishda kelgan elektr toki natijasida chaqnash sodir bo‘lgan.

“Soat 6:45 larda “svet” judayam yorug‘ holda keldi. Men uy va hovlidagi chiroqlarni o‘chirdim. Kuchlanish katta bo‘lgani uchun uydagi barcha chiroqlar, xususan Wi-Fi apparatimizning chiroqlari ham yorug‘ bo‘lib ketdi. Keyin qayerdandir tutun chiqqanini ko‘rib, turmush o‘rtog‘im bilan ko‘chaga chiqsak, qo‘shnimizni uyi yonayotgan ekan”, deydi fuqaro Mahbuba Bahriddinova.

Shu mahsallada yashovchi boshqa bir fuqaro o‘t o‘chiruvchilar 1,5 soat deganda kelganini aytib o‘tdi.

“Kecha shamol bo‘lgani uchun “svet”imiz o‘chgandi. Shu bilan elektr toki berilmadi. Ertalab menga jiyanim “amma uyimiz yonyapti” deb telefon qildi. Kelsam, uy allaqachon yonib bo‘lyapti. 

O‘t o‘chiruvchilarni chaqirdik. Ular ham bir yarim soatda yetib keldi. Kelgandan keyin esa “suvimiz yo‘q” deydi. Kanalizatsiyaga ulasak “napor” yo‘q deydi. Bu orada esa olov boshqa uylarga ham o‘tib ketyapti. 

Biz yongan molimizga achinayotganimiz yo‘q, jonimiz omon qoldi”, deydi boshqa bir fuqaro Saltanat Zufarova.

Yong‘indan uyi zararlangan fuqarolar mazkur holatga elektr tarmog‘i korxonasi aybdorligini aytmoqda. Ularga ko‘ra, Sergeli tumani elektr tarmog‘i korxonasi bir kun oldingi shamoldan keyin  tarmoqda uzilgan simlar bor yoki yo‘qligini tekshirmasdan turib, elektr ta’minotini qayta tiklagan.

Fuqarolarning fikriga esa soha mutaxassisining munosabati shunday:

“Yong‘in bo‘lgan joyga yetib keldik. Bu yerdagi odamlar yong‘in qisqa tutashuv natijasida bo‘lgan deyishyapti. Hozir biz mutaxassislar bilan yong‘in rostdan ham qisqa tutashuv natijasida sodir bo‘ldimi yoki boshqa sababdanmi o‘rganib chiqamiz. O‘rganib chiqqanimizdan keyin esa yakuniy xulosasini beramiz”, deydi “Zangiota tumani elektr tarmog‘i” korxonasi bosh muhandisi Komiljon Ergashov.

FVV matbuot xizmati Sergeli tumanidagi Navro‘z mahallasida bitta uy yongani va o‘t o‘chiruvchi guruh voqea joyiga yetib borib, yong‘inni bir necha daqiqa ichida bartaraf etganini ma’lum qilgandi. Shu bilan birga ayni paytda yong‘inga olib kelgan sabablar o‘rganilyotgani va hodisada hech kim jabrlanmagani bildirilgandi.

Ammo, biz voqea joyiga yetib borganimizda shunga guvoh bo‘ldikki, mahallada bir emas, 4 ta xonadon butkul va yana biri esa qisman yongan.

Fuqarolar bunday yolg‘on axborot berilganidan norozi. Ular o‘t o‘chiruvchilardan xabarda nega bitta uy yondi deyilgani va qolgan xonadonlar bilan bog‘liq vaziyat ochiqlanmagani sababini so‘radi. Shaxsi sir saqlanishini xohlagan xodim esa fuqarolariga noroziligiga javoban Navro‘z mahallasida 4 ta uyda yong‘in kelib chiqqani haqida o‘z vaqtida boshliqlariga axborot berganini, ammo nima uchun xabarda bunday noto‘g‘ri ma’lumot tarqatilganidan bexabarligini aytdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

325

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing