Fuqarolar kartadan kartaga pul o‘tkazishda soliqqa tortilishi rostmi?

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda fuqarolar o‘rtasida bir plastik kartadan boshqasiga pul o‘tkazish jarayonida soliqqa tortilishi haqida xabarlar tarqaldi. Bugun, 13 aprel kuni Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Dilshod Sultonov va Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Jahongir Abdiyev ishtirokida bank sohasi va to‘lov tashkilotlari vakillari bilan o‘tgan uchrashuvda mazkur xabarlar bo‘yicha ma’lumot berilib, xavotirlanish asossiz ekanligi ma’lum qilindi

Aytilishicha, mas’ullar bank vakillari bilan P2P o‘tkazmalari uchun hisobvaraq-fakturani rasmiylashtirish masalalarini muhokama qilgan. Uchrashuvda bir jismoniy shaxsdan ikkinchisiga pul mablag‘lari o‘tkazilganda soliq munosabatlari yuzaga kelmasligi va jismoniy shaxslarda soliq to‘lash majburiyatlari paydo bo‘lishidan xavotirlanish asossiz ekanligi ta’kidlangan.

Uchrashuv axborot almashinuvini tartibga solish va texnik integratsiyani soddalashtirish maqsadida tashkil etilgan. Elektron hujjatlarni shakllantirish va jo‘natish bo‘yicha texnik yechimlar hamda to‘lov tizimlarida o‘zaro hamkorlikning boshqa usullari yuzasidan taqdimot o‘tkazilgan.  

Qayd etish joiz, Soliq kodeksining 378-moddasida bir jismoniy shaxsdan boshqa jismoniy shaxsga pul o‘tkazish (P2P) operatsiyalari soliqqa tortilmasligi belgilab qo‘yilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2023 yil 1 maydan jismoniy shaxslar o‘rtasida pul o‘tkazmalarini amalga oshiruvchi tashkilotlar ko‘rsatilgan xizmatlar uchun komissiya olinishidan qat’i nazar, elektron hisobvaraq-fakturani rasmiylashtirishlari va taqdim etishlari belgilangan edi.


Maqola muallifi

Teglar

soliq plastik karta P2P o'tkazmalari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing