Frontdagi vaziyat boshi berk ko‘chaga kirgani yo‘q – Zelenskiy 

Olam

image

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy frontdagi vaziyatni boshi berk ko‘chada, deb hisoblamaydi. Bu haqda u kecha, 4 noyabr kuni Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayen bilan o‘tkazilgan matbuot anjumanida Ukraina Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniyning “The Economist” jurnaliga bergan intervyusini izohlayotganida aytib o‘tdi.  

“Bu boshi berk ko‘cha emas. Rossiya osmonni boshqaryapti. Buni qanday yengish mumkin? F-16. Biz yigitlarimiz uni boshqarishni o‘rganib, qaytib kelishini kutishimiz kerak. Frontda havo hujumidan mudofaa mavjud bo‘lganda, harbiylar oldinga o‘tadi va jihozlardan foydalanadi”, deydi Ukraina Prezidenti.

Shuningdek, Zelenskiy 2022 yilda hamma Ukraina qo‘shinlari boshi berk ko‘chaga kirib qolganiga ishonganini eslatgan. 

“Bir nechta harbiy hiyla-nayranglar va ko‘rib turibsizki, Xarkov viloyati ozod qilindi. Bizning taslim bo‘lishga haqqimiz yo‘q. Boshqa muqobil yo‘l bormi? Nima, davlatimizning uchdan bir qismini berishimiz kerakmi? Bu faqat boshlanishi bo‘ladi. Biz muzlatilgan mojaro nima ekanini bilamiz, biz allaqachon o‘zimiz uchun xulosalar chiqarganmiz. Biz havo hujumidan mudofaa bo‘yicha hamkorlar bilan ko‘proq ishlashimiz, osmonni to‘sishimiz, jangchilarimizga hujumkor harakatlarni amalga oshirish imkoniyatini berishimiz kerak", deya ta’kidlaydi Zelenskiy.

Bundan tashqari, Prezident G‘arb davlatlari unga Rossiya bilan muzokara boshlash uchun bosim o‘tkazmayotganini aytgan.

“Mening munosabatimni hamma biladi, bu Ukraina jamiyatining munosabati bilan mos keladi. Bugun hech kim menga bosim o‘tkazmayapti. Bularning barchasi urush boshida va urushdan oldin sodir bo‘lgan. Bugun Yevropa Ittifoqi yoki AQSH yetakchilarining hech biri Rossiya bilan o‘tirib, gaplashib, unga nimadir berishimiz uchun bizga bosim o‘tkazmayapti – bu bo‘lmaydi”, deya ta’kidlaydi Zelenskiy.

Ma’lumot uchun, kecha, 4 noyabr kuni NBC telekanali manbalarga tayanib, AQSH va Yevropa Ukraina bilan tinchlik muzokaralari o‘tkazish imkoniyatini muhokama qila boshlagani haqida xabar berdi. Manbalarning aytishicha, suhbatlarda Kiyev kelishuvga erishish uchun nimalardan voz kechishi mumkinligi haqidagi umumiy tafsilotlarga e’tibor qaratilgan.

Eslatib o‘tamiz, 1 noyabr kuni “The Economist” jurnalida Ukraina Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniyning intervyusi chop etilgandi. Nashrning savollariga javob berar ekan, u Rossiya bilan urush boshi berk ko‘chaga borganini va Ukrainaning hujumi yillar davomida davom etishi mumkin bo‘lgan xandaq urushiga aylanib ketishi xavfi borligini aytgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Ukraina Vladimir Zelenskiy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing