Fransiyada yangi hukumat tuzildi

Olam

image

34 yoshli Gabriel Attal Fransiya Bosh vaziri etib tayinlanganidan ikki kun o‘tib, Yelisey saroyi tomonidan yangi hukumat tarkibi e’lon qilindi. Vazirlar ro‘yxatini Fransiya Prezidenti ma’muriyati rahbari Aleksi Koler o‘qib eshittirdi.

Iqtisodiyot, moliya, sanoat va raqamli suverenitet vaziri Bryuno Le Mer, Ichki ishlar vaziri Jerald Darmanen, Qurolli kuchlar vaziri Sebasten Lekornyu o‘z lavozimlarini saqlab qoldi. 

Asosiy o‘zgarishlardan biri Katrin Kolonna o‘rniga yangi Tashqi ishlar vaziri – Stefan Sejurnening tayinlanishi bo‘ldi. Biroq tahlilchilar Fransiya tashqi siyosatidagi sezilarli o‘zgarishlarni amaldagi tayinlanish bilan bog‘lamaydi, bu aslida Yelisey saroyining vakolati bo‘lib qolmoqda.

Fransiyaning sobiq prezidenti Nikolya Sarkozining ittifoqchisi, Adliya vazirligining sobiq rahbari va shu paytgacha Parijning 7-okrugi meri bo‘lib ishlagan sobiq deputat Rashida Datini Fransiya Madaniyat vaziri etib tayinlash to‘g‘risidagi qaror ommaviy axborot vositalarida keng muhokamaga sabab bo‘ldi. Ro‘yxat e’lon qilinganidan so‘ng, “Respublikachilar” partiyasi yetakchisi Dati siyosiy uyushma safidan chiqarilishini e’lon qildi. Bu partiyaning prezident koalitsiyasiga muxolifatda ekani bilan asoslandi.

Yangi Mehnat, sog‘liqni saqlash va birdamlik vaziri Ketrin Votrin bo‘lib, u birdaniga ikki kishini – Mehnat vaziri Olive Dyusso va Sog‘liqni saqlash va profilaktika vaziri Orelen Russoning o‘rnini egalladi.  

Yangi hukumat tarkibida Sport vaziri Ameli Udea-Kastera ham o‘z vakolatlarini kengaytirdi. Hozirda u Milliy ta’lim, yoshlar, sport, Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari vaziri lavozimini egallab turibdi. Hukumat o‘zgarishidan oldin amaldagi Bosh vazir Gabriel Attal milliy ta’lim masalalari bilan shug‘ullangan.

Boshqa asosiy pozitsiyalar o‘zgarishsiz qoldi. Mark Fenot Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat suvereniteti vaziri, Erik Dyupon-Moretti esa Adliya vaziri bo‘lib qoladi. Ekologik o‘tish va hududiy uyg‘unlik vazirligiga Kristof Beshu, Oliy ta’lim va tadqiqotlar vazirligiga esa Silvi Retayo rahbarlik qiladi.

Vazir-delegatlar ro‘yxatida hozircha uchta nom bor. Priska Teveno  Demokratik yangilanish bo‘yicha vazir delegati etib tayinlandi va ayni paytda hukumatning rasmiy vakili hisoblanadi. Mari Lebek hukumatning parlament bilan aloqalari uchun mas’uldir va sobiq birdamlik vaziri Oror Berje  endi gender tengligi va kamsitishlarga qarshi kurash bo‘yicha vazir delegatiga aylanadi.

Shu tariqa, 11 nafar vazir va uch vazir delegatining vakolatlari tasdiqlandi. Kolerning so‘zlariga ko‘ra, hukumatning yakuniy tarkibi bugun, 12 yanvar kuni Vazirlar kengashining navbatdan tashqari yig‘ilishida e’lon qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yilning may oyidan beri Fransiya Vazirlar mahkamasiga rahbarlik qilib kelayotgan bosh vazir Elizabet Born joriy yilning 8 yanvar kuni iste’foga chiqqandi. 9 yanvar kuni Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Beshinchi respublikaning yangi bosh vaziri etib, 34 yoshli Gabriel Attalni tayinladi. U mamlakat tarixidagi eng yosh hukumat rahbari bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

Frantsiya Gabriel' Attal'

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing