Fransiyada Ovsyannikovaning zaharlanish ehtimoli tekshirilmoqda
Olam
−
14 Oktabr 2023
8956Parij prokuraturasi Rossiyaning “Birinchi kanal”i sobiq muharriri Marina Ovsyannikovaning zaharlanishi ehtimoli bo‘yicha tergov boshladi. Bu haqda AFP xabar berdi.
Aytilishicha, joriy yilning 12 oktyabr kuni Ovsyannikova Parij markazidagi uyi yonida kasal bo‘lib qolgan. Ayol uyining old eshigi tutqichidan noma’lum kukunni topib olgan. Shundan so‘ng u huquq-tartibot idoralariga murojaat qilgan. Ovsyannikova zaharlanishdan qo‘rqishini aytib, shifoxonaga olib borishlarini so‘ragan. Ishga yaqin manbalardan birining aytishicha, Ovsyannikova "ruslar tomonidan zaharlanganman", deb qo‘rqqan.
Jurnalistning uyidan namunalar olingan, biroq hozircha zaharlanishni ko‘rsatuvchi dalil topilmagan. Parij prokuraturasi tergov ishlari olib borilayotganini tasdiqlagan.
“Chegara bilmas muxbirlar” tashkiloti rahbari Kristof Deluar X ijtimoiy tarmog‘ida jurnalist shifoxonaga yotqizilgani, tushdan keyin ahvoli yaxshilangani, biroq u shifokorlar nazoratida ekanini ma’lum qilgan. Deluarning so‘zlariga ko‘ra, Ovsyannikova o‘zini zaharlangan deb da’vo qilmagan, ammo bu versiya "oldinga surilmoqda va uni inkor etib bo‘lmaydi".
Eslatib o‘tamiz, 2022 yilning 14 mart kuni kechqurun Rossiyaning “Birinchi kanal”i xodimi Marina Ovsyannikova “Vremya” ko‘rsatuvi jonli efirida urushga qarshi plakat bilan studiyaga kirib borgandi. Yangiliklar e’loni paytida u “No war. Urushni to‘xtating. Propagandaga ishonmang. Bu yerda sizni aldashmoqda. Ruslar urushga qarshi”, deb yozilgan plakat bilan kadrga tushdi. Ovsyannikova rejissyorlar boshqa kadrni qo‘yib yubormaguncha efirda bir necha bor “Urushni to‘xtating! Urush kerakmas!”, deb takrorlagan. Ertasi kuniyoq unga nisbatan sud ishi boshlandi va shu kunning o‘zida u 30 ming rubl miqdorida jarimaga tortildi.
Ikkinchi marta o‘tgan yilning iyul oyida Marina Ovsyannikova Rossiya armiyasini obro‘sizlantirish to‘g‘risidagi moddasi bo‘yicha Moskvaning Krasnoselskiy tumani deputati Ilya Yashinga nisbatan jinoyat ishini tanqid qilgani uchun 50 ming rubl miqdorida, uchinchi marta esa avgust oyida Facebook’dagi posti uchun 40 ming rubl miqdorida jarimaga tortilgan.
LiveBarchasi