Fransiyada qariyb 1000 ta aviareys bekor qilindi

Olam

image

Kecha, 4 iyul kuni Fransiyada dispetcherlar tomonidan e’lon qilingan ikki kunlik ish tashlash ortidan mamlakatdagi umumiy aviareyslarning taxminan 10 foiziga to‘g‘ri keladigan 933 ta parvoz bekor qilindi. Bu haqda “Le Figaro” xabar berdi.

Qayd etilishicha, poytaxt Parijdagi ikki aeroportda bu ko‘rsatkich 25 foizga yetgan. Ish tashlashning ikkinchi kuni esa yanada og‘irroq kechishi mumkin. Xususan, Fransiya Fuqaro aviatsiyasi boshqarmasi (DGAC) aviareyslarning 40 foizini bekor qilishni tavsiya etmoqda.

Fransiya Transport vaziri Filipp Tabaro yozgi ta’til mavsumida aviatsiya dispetcherlarining ish tashlashini tanqid qilgan.

“Mamlakatimizda 272 kishi yarim milliondan ortiq odamning farovonligi haqida qaror qabul qilmoqda. Bu – qabul qilib bo‘lmaydigan holat”, deydi u CNews nashriga bergan intervyusida.

Bosh vazir Fransua Bayru dispetcherlarni “fransuzlarni garovda ushlab turish”da ayblagan. Yevropa aviakompaniyalari assotsiatsiyasi Airlines for Europe esa ish tashlashni “qabul qilib bo‘lmaydigan” deb atagan.

Ikki kunlik ish tashlash ikkita dispetcherlar kasaba uyushmasi tomonidan e’lon qilingan bo‘lib, ular mehnat sharoitlarini yaxshilashni talab qilmoqda. Jumladan, ular shtatlarning yetarlicha to‘ldirilmaganini va “zararli boshqaruv”ni tanqid qilyapti. Ish tashlash ishtirokchilari, shuningdek, dispetcherlarning ish vaqtiga nisbatan nazoratni kuchaytirishni ko‘zda tutuvchi islohotga qarshi chiqmoqda. Bu qaror 2022 yil oxirida Bordoda ikki samolyot to‘qnashuvining oldi zo‘rg‘a olinganidan so‘ng qabul qilingan. O‘shanda olib borilgan tergov natijasida aviatsiya dispetcherlari ishining yomon tashkil etilgani aniqlangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Germaniyaning 13 ta aeroportida xodimlarning bir kunlik ogohlantiruvchi ish tashlashi bo‘lgan edi. Oqibatda 3 ming 400 dan ortiq reys bekor qilingan va taxminan 510 ming yo‘lovchi zarar ko‘rgan.


Maqola muallifi

Teglar

Frantsiya ish tashlash

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing