Fransiyada favqulodda holat joriy etilishi mumkin
Olam
−
30 iyun 2023
7260Fransiyadagi tartibsizliklar fonida rasmiylar mamlakatda favqulodda holat joriy etishni ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda bugun, 30 iyun kuni Evri shahrida nutq so‘zlagan Fransiya Bosh vaziri Elizabet Born ma’lum qildi.
Uning aytishicha, yaqin soatlarda Prezident Emmanuel Makron ishtirokida mamlakatdagi vaziyat bo‘yicha yig‘ilish o‘tkaziladi.
“Biz Respublika Prezidenti atrofidagi barcha farazlarni soat 13:00 da o‘tkaziladigan yig‘ilishda ko‘rib chiqamiz. Shuning uchun men hozir sizga javob bermayman. Ammo biz barcha gipotezalarni birinchi o‘rinda, butun hududda respublika tartibini tiklashni ko‘rib chiqmoqdamiz", degan Born favqulodda holat joriy etilishi mumkinligi haqidagi savolga javoban.
Bildirilishicha, favqulodda holat rasmiylarga mahalliylashtirilgan komendantlik soatlari e’lon qilish, namoyishlarni taqiqlash va politsiyaga g‘alayonchilarni ushlab turish va uylarni tintuv qilishda ko‘proq erkinlik beradi.
Fransiyadagi vaziyat
Joriy yilning 27 iyun kuni Parijga yaqin Nanter shahrida yo‘l harakati qoidalarini buzgan Nael ismli 17 yoshli jazoirlik yigitni politsiya to‘xtatgan. Biroq Nael politsiyaga bo‘ysunmagan. Politsiyachi esa unga qarata o‘q uzgan. Haydovchi ko‘kragiga o‘q tegib vafot etgan.
Shundan so‘ng, mamlakatning turli shaharlarida tartibsizliklar boshlangan. 29 iyun kuni bir necha o‘nlab politsiya mashinalari, komissarlik va ma’muriy organlar binolari yoqib yuborilgan, ta’lim muassasalariga zarar yetkazilgan. 30 iyunga o‘tar kechasi Ichki ishlar vazirligi davom etayotgan tartibsizliklarni bostirish uchun 40 ming politsiyachini safarbar etgan. Mamlakatning ayrim shaharlarida maxsus kuchlar ko‘chalarni patrul qilishda zirhli texnika va vertolyotlardan foydalangan.
Ayrim shaharlarda soat 21:00 yoki 22:00 dan boshlab komendantlik soati, shuningdek, tungi vaqtda jamoat transportida cheklovlar joriy etilgan. Mamlakatda vaziyat keskinligicha qolmoqda.
Tartibsizliklarning birinchi kechasida 150 nafar kishi hibsga olingan. Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Twitterʼda marhumning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirgan. Shuningdek, Makron Fransiyadagi tartibsizliklar ortidan YeIning Bryusseldagi sammitini tark etgan.