Fransiyada Ebola aniqlangan ilk bemor sog‘aydi
Olam
−
06 iyul 907 2 daqiqa
Fransiyada Ebola virusi aniqlangan ilk bemor to‘liq sog‘ayib, shifoxonadan chiqarildi. Bu haqda “France 24” xabar qildi.
Qayd etilishicha, bemor shifokor bo‘lib, u joriy yilning 23 iyun kuni Kongo Demokratik Respublikasidan Fransiyaga qaytganidan so‘ng topshirgan test natijasi musbat chiqqan. Shundan so‘ng u maxsus tibbiy muassasaga yotqizilib, davolanishni boshlagan.
Rasmiylarning bildirishicha, shifokor sog‘aygan va 5 iyul kuni shifoxonadan chiqarilib, uyiga qaytgan. Mazkur holat Fransiya hududida qayd etilgan ilk Ebola infeksiyasi hisoblanadi. Garchi 2014 yilda G‘arbiy Afrikadagi epidemiya davrida ikki nafar bemor Fransiyaga olib kelingan bo‘lsa-da, ularga tashxis mamlakat tashqarisida qo‘yilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, bemor Air France reysi orqali Fransiyaga uchib borgan. Unda bosh og‘rig‘idan tashqari deyarli hech qanday alomat kuzatilmagan. Ehtiyot chorasi sifatida u bilan bir reysda bo‘lgan yana besh yo‘lovchi ham kuzatuvga olinib, izolyatsiya qilingan. Shifokor faoliyat yuritadigan Xalqaro tibbiy harakatlar alyansi uning tashkilot xodimlaridan biri ekanini tasdiqlagan. Tashkilot qoidalariga ko‘ra, Ebola bilan kasallangan bemorlar bilan ishlagan gumanitar xodimlar odatda uch haftalik karantindan o‘tadi.
So‘nggi rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Kongo Demokratik Respublikasida 15 may kuni boshlangan Ebola epidemiyasi davomida hozirga qadar 1 561 nafar kishida virus tasdiqlangan, ulardan 506 nafari vafot etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kongo Demokratik Respublikasida Bundibugyo shtammi keltirib chiqargan Ebola virusiga qarshi davolash usulini sinovdan o‘tkazish boshlangandi.
Live
BarchasiRyutte NATOni futbolga o‘xshatdi
07 iyul