Fransiyada barcha davlat xizmatchilari milliy messenjerga o‘tkazildi
Olam
−
03 Sentabr 2184 2 daqiqa
Fransiyada joriy yilning 1 sentyabridan boshlab barcha davlat xizmatchilari Tchap milliy messenjeridan foydalanishni boshladi. Mamlakat rasmiylari xavfsizlik nuqtai nazaridan rasmiylarga, jumladan vazirlarga Tchap milliy xabar almashish ilovasidan foydalanishni buyurgan. Bu haqda “Le Figaro” gazetasi xabar berdi.
Nashrning yozishicha, Fransiya hukumati Signal, Telegram va WhatsApp messenjerlaridan foydalanishni taqiqlagan, chunki ular xorijiy maxsus xizmatlar bilan bog‘liq deb hisoblanadi. Xususan, WhatsApp va Signal – AQSH, Telegram esa Rossiya maxsus xizmatlari bilan.
Hukumat ma’lumotiga ko‘ra, Tchap ilovasi Raqamli texnologiyalar bo‘yicha idoralararo boshqarma (Dinum) va Axborot tizimlari xavfsizligi milliy agentligi (ANSSI) tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, davlat xizmatchilari o‘rtasida xavfsiz ishchi muloqotini ta’minlash uchun mo‘ljallangan.
“Xavfsiz” va “mustaqil” xizmat sifatida e’lon qilingan Tchap ochiq kodli Riot operatsion tizimi va London hamda Renn shaharlarida joylashgan Matrix kompaniyasi dasturiy ta’minoti asosida ishlaydi. Uning ma’lumotlari Fransiya hukumati serverlarida saqlanadi. Tchap’ni faqat hukumat elektron manzillariga (gouv.fr yoki elysee.fr bilan tugaydigan) ega bo‘lganlar App Store’dan yuklab olishi mumkin. Bundan tashqari, foydalanuvchilar o‘rtasida almashilayotgan xabarlar end-to-end shifrlash orqali himoyalangan bo‘lib, ularni faqat jo‘natuvchi va qabul qiluvchi o‘qiy oladi.
Messenjer nomi XVIII asr fransuz muhandisi, dastlabki optik aloqa usullaridan birini ixtiro qilgan Klod Shapp sharafiga qo‘yilgan.
Ma’lumot uchun, avvalroq Rossiyada MAX milliy raqamli platformasi joriy qilingandi. U messenjer funksiyalarini va turli xizmatlarga kirishni birlashtiradi. Ilova 2025 yilning martida mamlakatning raqamli suverenitet strategiyasi doirasida ishga tushirilgan. Barcha ma’lumotlar Rossiya hududida saqlanadi, xizmatlar esa mahalliy ehtiyojlarga moslashtiriladi – taksi chaqirishdan tortib milliy to‘lov tizimi bilan ishlashgacha.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘iston Qurolli kuchlari endi WhatsApp va Telegram o‘rniga mamlakatning milliy messenjeri – Aitu’dan foydalanishni boshlashi xabar qilingan edi. Bu qaror Prezident Qosim-Jomart To‘qayev topshirig‘i asosida qabul qilingan bo‘lib, xorijiy platformalardan foydalanish bilan bog‘liq xavflarni kamaytirishga qaratilgan.
Live
Barchasi