Fransiya janubida jazirama sabab o‘rmon yong‘inlari avj oldi

Olam

image

Fransiya janubida kuchli shamollar ta’sirida yuzaga kelgan bir nechta o‘rmon yong‘inlarini o‘chirish ishlari davom etmoqda. Mamlakat so‘nggi kunlarda Yevropani qamrab olgan jazirama issiq to‘lqinidan keyin yuzaga kelgan qurg‘oqchilik oqibatlari bilan kurashmoqda. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Fransiya Ichki ishlar vaziri Loran Nunesning ma’lum qilishicha, uchta yirik yong‘in qayd etilgan bo‘lib, ulardan ikkitasi Marsel shahri g‘arbidagi hududlarda sodir bo‘lgan. Yong‘inlar jami 1 210 gektardan ortiq maydonni qamrab olgan.

Eng yirik yong‘in Ispaniya bilan chegaradosh Aude departamentida kuzatilgan. U yerda qariyb 900 gektar o‘rmon yonib ketgan. Kuchli shamol 800 nafardan ortiq o‘t o‘chiruvchining ishini murakkablashtirayotgani aytilmoqda.

Shuningdek, Marsel aeroporti yaqinidagi Ronyak hududida yuzaga kelgan yong‘in o‘chirilgan. Lankon-Provans hududidagi 260 gektar maydonni qamrab olgan yana bir yong‘in esa nazorat ostiga olingan. Rasmiylarning so‘zlariga ko‘ra, hodisalar oqibatida qurbonlar qayd etilmagan.

“Reuters” muxbirining xabar berishicha, yong‘inlar sabab hududni qalin tutun qoplagan. Marselga qo‘ngan ayrim samolyotlar uchuvchilari yo‘lovchilarni samolyot ichidagi hid yong‘in tutuni bilan bog‘liq emasligiga ishontirishga majbur bo‘lgan.

Mamlakat sharqidagi Kanndan taxminan 35 kilometr uzoqlikda joylashgan Var departamentining Frejyus kurort shahrida esa kecha, 2 iyul kuni yaqin atrofdagi o‘rmon yong‘ini sabab olti lagerdan 2 mingdan ortiq odam evakuatsiya qilingan.

Fransiya meteorologiya xizmati kelasi haftada mamlakatda yana kuchli issiq kuzatilishi mumkinligi haqida ogohlantirgan. Avvalgi issiq to‘lqini vaqtida qayd etilgan rekord harorat oqibatida mamlakatda qariyb ming kishi hayotdan ko‘z yumgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Janubiy Koreya poytaxti Seuldan 280 kilometr janubi-sharqda joylashgan Miryang tumanida o‘rmon yong‘inlari sodir bo‘lgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing