Fransiya sudi “Gazprom”ning villasini hibsga oldi
Olam
−
20 fevral
5571Fransiya sudi Lazur qirg‘og‘idagi Rokbrun-kap-Martin kurortida joylashgan “Irina Maria” villasiga egalik huquqini muzlatib qo‘ydi. Rasmiy ravishda u rossiyalik arman tadbirkori Samvel Karapetyanga tegishli, biroq Parij prokuraturasi uning haqiqiy foyda oluvchisi Rossiya neft va gaz giganti “Gazprom”ning shu’ba korxonasidan boshqa hech kim emas, deb hisoblaydi. Bu haqda kecha, 19 fevral kuni Fransiyaning “Le Monde” gazetasi xabar berdi.
“Fransiya adliya tizimi Ukrainada urush boshlanganidan beri eng katta jekpotni qo‘lga kiritdi”, deyiladi xabarda.
“Le Monde”ning yozishicha, mahalliy aholi orasida “Villa del Mare” nomi bilan mashhur villa 3 gektar maydonda joylashgan. Muassasa ko‘p qavatli asosiy binodan tashqari, uchta basseyn, tennis korti va vertolyot maydonchasini ham o‘z ichiga oladi. Ushbu mulkning umumiy qiymati 120 million yevroga baholanmoqda.
Villaga egalik huquqini, shuningdek, unga egalik qiluvchi SNC Maritime Villa Holding kompaniyasi aksiyalarini muzlatish haqidagi qaror 2024 yil 12 fevral kuni qabul qilingan.
AFP’ning yozishicha, “Irina Maria” villasi Parij prokuraturasining uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashishga ixtisoslashgan Junalco bo‘limi tomonidan 2009 yil 11 dekabrdan beri Parij, Kipr, Rossiya va Rokbryun-kap-Martenda sodir etilgan pul yuvish jinoyatlari bo‘yicha tergov qilingan.
“2016 yilda “Gazprom”ning neft bo‘yicha shu’ba korxonasi “Gazprom Neft” villani Samvel Karapetyanga sotgan. Biroq, Junalco’ning dastlabki tergovi davomida villa hech qachon "Gazprom neft" nazoratidan chiqmaganligini ko‘rsatuvchi ko‘plab faktlar aniqlandi”, deb yozadi “Le Monde”.
Jurnalistlar tahlil qilgan hujjatlarga ko‘ra, Samvel Karapetyan “Gazprombank” tomonidan berilgan 115 million yevro miqdoridagi kredit evaziga “Gazprom Neft”dan “Maritime Villa Holding SNC” ko‘chmas mulk kompaniyasi aksiyalarini sotib olgan.
Ma’lumot uchun, Samvel Karapetyan ko‘chmas mulk, qurilish, energetika va moliya sohalarida faoliyat yurituvchi “Tashir” kompaniyalar guruhi prezidenti. “Forbes” jurnali tadbirkorning boyligini 2,7 milliard dollarga baholagan.
LiveBarchasi