Fransiya snaryad sotib olishni keskin oshirmoqda
Olam
−
01 mart 2023
4975Fransiya 2023 yilda o‘z qurollari, birinchi navbatda, “Sezar” o‘ziyurar artilleriya majmualari uchun snaryadlar va raketalar ishlab chiqarishga buyurtmalar hajmini keskin oshirish niyatida. Bu haqda bugun, 1 mart kuni respublika Qurolli kuchlar vaziri Sebastyan Lekornyu Senat yig‘ilishida ma’lum qildi.
“Buning uchun yangi harbiy byudjet qonunining qabul qilinishini kutmaymiz. Biz Ukrainadagi mojaro tajribasini hisobga olamiz va bundan keyin ham shunday qilamiz”, deydi Sebastyan Lekornyu.
Uning aytishicha, Fransiyada o‘tgan yilning iyul oyida “Sezar” artilleriya majmualari uchun 155 mm kalibrli 5000 ta snaryadga buyurtma berilgan. Joriy yilning mart oyida esa harbiy texnika va qurollar ishlab chiqaruvchi Nexter kompaniyasiga shunday kalibrli yana 16 mingta snaryadga buyurtma berish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, yillik hajmi 15 ming o‘q-dori bo‘lgan 3 ta global harbiy buyurtma berilishi ma’lum qilingan. Buyurtmalar 155 mm snaryadlar, o‘rta masofadagi tankga qarshi tizimlar uchun o‘q-dorilar va Mistral zenit-raketa tizimlari uchun raketalarni o‘z ichiga oladi.
Vazir ushbu hajmdagi o‘q-dorilarning qanchasi Ukraina uchun mo‘ljallanganiga aniqlik kiritmagan, biroq Ukraina bilan bog‘liq xarajatlar Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron bilan kelishilgan holda harbiy byudjet haqidagi qonundan olib tashlanishini aytgan.