Fransiya Prezidentiga tarsaki tushirgan shaxs sud zalida. Uni qanday jazo kutmoqda?

Olam 8100
image

Avvalroq Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron mamlakat bo‘ylab safar qilayotganda noma’lum erkak unga tarsaki tushirgani haqida xabar bergandik. Voqea 8 iyun kuni Drom departamentining Ten-LʼErmitaj kommunasida sodir bo‘lgandi.

Bugun, 10 iyun kuni ushbu holat yuzasida sud jarayoni bo‘lib o‘tdi. Fransiya prokuraturasi Prezident Makronning yuziga tarsaki tushirgan shaxsni 18 oyga ozodlikdan mahrum qilishni talab qildi. Bu haqda “Agence France-Presse” nashri yozmoqda.

Ma’lum qilinishicha, mamlakat Prezidentiga tajovuz qilgan shaxsning ismi Damene Tarele. Mahalliy aholining aytishicha, Tarele va uning sherigi Prezident Makronning tashrifi chog‘ida hushida bo‘lmagan. 

Xabarga ko‘ra, prokuratura vakili mahalliy sud jarayonida mamlakat rahbariga tarsaki tushirgan shaxsning xatti-harakatlarini “qasddan qilingan zo‘ravonlik”, deb baholagan.

Ekspertlarning fikriga ko‘ra, Tarele 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi va 45 ming yevro miqdorida jarimaga tortilishi mumkin. Sud jarayonlari davom etadi. Yakuniy hukm hali qabul qilinganicha yo‘q.

Eslatib o‘tamiz, yuqoridagi holat yuzasidan mamlakat Bosh vaziri Jan Kasteks quyidagicha fikr bildirgandi:

“Davlat rahbariga nisbatan bunday harakatlar demokratiyaning o‘ziga qarshi qaratilgan. Demokratiya – bu fikrlar to‘qnashuvi, ammo bu og‘zaki tahqirlash yoki jismoniy tajovuz emas”.

Oradan vaqt o‘tib, Fransiya Prezidentining o‘zi ham ushbu ko‘ngilsizlikka izoh berdi.

“Agressiv odamlarning jamoatchilik muhokamasini egallab olishiga yo‘l qo‘ymaylik. Ular bunga loyiq emas”, degan Makron.

Ushbu holat Fransiya Prezidentiga uyushtirilgan ilk hujum emas. 2011 yilda Fransiya Prezidenti Nikolya Sarkozi olomonga yaqin bo‘lgan temir panjara bo‘ylab yurib ketayotganda odamlardan biri davlat rahbarining yoqasidan ushlab olgan. O‘shanda Prezidentga tashlangan kishi shartli ravishda 6 oyga qamalgandi.

Farruxjon Murodqulov
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 244
Reyting: 2.9
t
×