Fransiya poytaxtidagi 411 yillik tarixiy bozor butunlay yonib ketdi

Olam

−

image

Fransiya poytaxti Parijda 1615 yilda tashkil etilgan tarixiy oziq-ovqat bozori kuchli yong‘in oqibatida butunlay vayron bo‘ldi. Bu haqda “Le Parisien” nashri xabar berdi.

Qayd etilishicha, yong‘in joriy yilning 11 oktyabridan 12 oktyabriga o‘tar kechasi Parijning III okrugida joylashgan Marche des Enfants-Rouges yopiq bozorida sodir bo‘lgan. Yong‘in haqidagi xabar mahalliy vaqt bilan taxminan soat 03:00 da kelib tushgan. Hodisa joyiga ko‘plab o‘t o‘chiruvchilar va maxsus texnikalar jalb etilgan.

Parij o‘t o‘chirish xizmati vakili ma’lum qilishicha, ular yetib borganida bozorning ichida olov kuchayib, baland alanga butun binoga tarqalgan. Yong‘in taxminan 1 ming kvadrat metr maydonni qamrab olgan. Bozorning yopiq qismi va uning metall konstruksiyalari butunlay yonib ketgan. Shuningdek, binoning ayrim qismlari qulab tushishi xavfi yuzaga kelgan.

Parij markazi meri Ariel Veylning bildirishicha, o‘t o‘chiruvchilar olovning atrofdagi uylar va savdo nuqtalariga tarqalishining oldini olgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘in qo‘shni binolarga zarar yetkazmagan.

Ma’lum qilinishicha, yong‘in oqibatida bozorda faoliyat yuritgan 20 ga yaqin savdogar jiddiy zarar ko‘rgan. Ularning ayrimlari bu yerda bir necha avloddan beri savdo qilib kelgan. Parij meri Emmanuel Greguar jabrlangan savdogarlar va atrofdagi aholiga yordam ko‘rsatilishini, tadbirkorlar faoliyatini davom ettirishi uchun vaqtinchalik joylar ajratilishini bildirgan.

Hozirda yong‘in sabablarini aniqlash maqsadida tergov boshlangan. Bozor ma’muriyati vakillari hozircha yong‘in tasodifan kelib chiqqanmi yoki qasddan sodir etilganmi, bu haqda aniq ma’lumot yo‘qligini aytgan.

Ma’lumot uchun, Marche des Enfants-Rouges Parijdagi hozirgacha faoliyat yuritib kelgan eng qadimgi yopiq bozor hisoblanadi. Uning nomi XVI asrda yaqin atrofda tashkil etilgan yetimxonadagi qizil kiyim kiygan bolalar bilan bog‘liq. Bozor 1982 yilda tarixiy yodgorlik maqomini olgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fransiyada xakerlar bir necha yuzta supermarketdagi muzlatkichlarning haroratini masofadan turib 50 darajagacha ko‘targani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing