Fransiya mustamlakachilik yillariga javob berishi kerak – Jazoir parlamenti
Olam
−
25 dekabr 2025 2335 2 daqiqa
Jazoir hududining Fransiya tomonidan mustamlaka qilinishi davlat jinoyati sifatida tan olinadi. Tegishli qonun loyihasi Jazoir Milliy Xalq Majlisi (parlamenti) deputatlari tomonidan qabul qilindi. Bu haqda “Al24 News” xabar berdi.
Qayd etilishicha, deputatlar taqdim etilgan qonun loyihasini yakdillik bilan ma’qullagan. Hujjat Fransiyaga “Jazoirdagi mustamlakachilik o‘tmishi va buning oqibatida Jazoir xalqiga yetkazilgan fojialar uchun huquqiy javobgarlik”ni yuklaydi. Qonun loyihasida fransuz mustamlakachiligi “davlat jinoyati” deb atalgan va Parijdan “rasmiy uzr so‘rash” talab qilinadi.
Hujjatda fransuz mustamlakachiligining 30 turdagi jinoyati sanab o‘tilgan. Jumladan, sudsiz qatl, qiynoqlar, odamlarni olib ketish, zo‘ravonliklar, taqiqlangan qurollardan foydalanish va sun’iy ravishda yuzaga keltirilgan ekologik falokatlar. Bundan tashqari, hujjatda mustamlakachilikni targ‘ib qilish va oqlash yoki milliy xotirani haqorat qilganlik uchun beshdan o‘n yilgacha qamoq jazosi nazarda tutilgan.
Xabar qilinishicha, parlamentdagi ovoz berish barcha siyosiy bloklarning roziligi bilan o‘tkazilgan. Ular qonun loyihasini “siyosiy farqlardan yuqori, milliy birlashtiruvchi talab” deb hisoblashadi.
Ma’lumot uchun, Fransiya Jazoirni 130 yildan ortiq nazorat qilgan va faqat milliy ozodlik urushidan so‘ng, 1962 yilda mamlakat mustaqillikka erishgan. Parij hududda 1966 yilgacha yadroviy sinovlar o‘tkazgan va oqibatda aholiga hamda atrof-muhitga jiddiy zarar yetgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Karib havzasi va Afrika mamlakatlari Buyuk Britaniyadan qullik uchun tovon talab qilayotgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi