Fransiya Durovga qo‘yilgan cheklovlarni bekor qildi
Olam
−
13 noyabr 1617 2 daqiqa
Fransiya hukumati tadbirkor Pavel Durovga nisbatan harakatlanish bo‘yicha barcha cheklovlarni to‘liq bekor qildi. Qaror joriy yilning 10 noyabr kuni qabul qilingan. Bu haqda o‘z manbasiga tayanib, “Bloomberg” xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, Durov “sud nazorati talablariga to‘liq rioya qilgan” va uch marta so‘roq qilingan. Endilikda u Fransiyadan bemalol chiqib ketishi mumkin va mahalliy politsiya bo‘limida muntazam ro‘yxatdan o‘tish majburiyatidan ozod etilgan.
Eslatib o‘tamiz, Durov o‘tgan yil avgust oyida Parij aeroportida hibsga olingan edi. Dastlab unga mamlakat hududini tark etish taqiqlangandi, bu yil iyun oyida esa cheklovlar yumshatilib, tadbirkorga Dubayga borish ruxsat etilgan.
U Telegram’da kontentni yetarli darajada modereatsiya qilmaslik va Fransiya huquqni muhofaza qiluvchi organlari bilan hamkorlikdan bosh tortish bilan bog‘liq tergov doirasida hibsga olingan. Durovga terrorizm, narkotiklar, firibgarlik va bolalarga qarshi jinoyatlar bilan bog‘liq ayblovlar qo‘yilishi mumkin.
Durov esa platforma foydalanuvchilari tomonidan sodir etilgan jinoyatlar uchun o‘zini ayblashni mantiqsiz deb hisoblashini bildirgan.
“Yirik platforma rahbarining foydalanuvchilar harakati uchun hibsga olinishi nafaqat mislsiz, balki huquqiy va mantiqiy jihatdan ham bema’nilikdir. Oradan bir yil o‘tgan bo‘lsa-da, men yoki Telegram tomonidan biron-bir noto‘g‘ri ish sodir etilganini isbotlovchi dalil topa olishmadi”, degan u.
2024 yil dekabr oyidagi so‘roq vaqtida Durov politsiyaga Telegram’ga qarshi ilgari surilgan ayblovlarning jiddiyligini “to‘liq anglaganini” bildirgan va messenjer “jinoyatchilar uchun yaratilmaganini” aytgan. U, shuningdek, Telegram’dagi bunday foydalanuvchilar ulushi biroz oshganini tan olib, buning uchun qo‘shimcha choralar ko‘rish zarurligini aytgan.
“Bloomberg” ma’lumotiga ko‘ra, Durovning boyligi 14,7 milliard dollarga yetgan – bu yil boshidan beri esa u 3,71 milliard dollarga oshgan. U “Bloomberg” milliarderlar reytingida 196-o‘rinda turadi.