Foyda solig‘idan avans to‘lovlarining talab qilinishi qonuniymi?

Jamiyat

image

Bugungi kunda soliq organlariayrim tadbirkorlarga foyda solig‘idan avans to‘lash masalasida murojaat qilganda, “men folbinmanmi”, “nega kelgusida oladigan foydam uchun soliq to‘lashim kerak” kabi asossiz e’tirozlarni ham bildirayotgan holatlar mavjud. Shu sababdan Davlat soliq qo‘mitasi foyda solig‘idan avans to‘lash tartibi haqida ma’lumot berdi.

Soliq kodeksining 164-moddasiga asosan, korxonalar har chorakning birinchi oyi 10-sanasigacha ushbu chorakda kutilayotgan foydasi va to‘laydigan foyda solig‘i to‘g‘risidagi ma’lumotnomani ro‘yxatdan o‘tgan davlat soliq inspeksiyasiga taqdim etishlari kerak.

Ushbu ma’lumotnomaga asosan soliq bazasi miqdori 44,7 mln so‘mdan yuqori bo‘lgan xo‘jalik sub’ektlari, to‘laydigan soliq summasining 1/3 qismini har oyning 10-sanasigacha avans tariqasida amalga oshirish majburiyatiga ega.

Bunday majburiyat bugungi kunda, respublika bo‘yicha 9241 to‘lovchilarda mavjud.

Ushbu soliq to‘lovchilarning 8671 tasi yoki 94 foizi majburiyatlarini qonunda belgilangan tarzda o‘z muddatida bajarib kelmoqda.

Shu bilan birga, 6 foiz yoki 570 ta soliq to‘lovchilar 2019 yil yilning IV choragi uchun foyda solig‘i joriy to‘lov ma’lumotnomasida soliq summasini o‘tgan choraklarga nisbatan kamaytirib ko‘rsatgan yoki umuman ko‘rsatmagan.

Bu o‘z navbatida, ishlab chiqarish umuman to‘xtatildi yoki tovarlar realizatsiya qilinmayapti degani. Aslida, tahlillarga ko‘ra, bunday holatlar tasdig‘ini topmasdan, ushbu korxonalar o‘z faoliyatini davom ettirmoqda.

Masalan, Andijon viloyatidagi “Vodiy gavxari” korxonasi (nomi o‘zgartirilgan) joriy yilning II choragida 170,2 mln.so‘m foyda solig‘i to‘lagan bo‘lsa, III chorak joriy to‘lovlari (avans) uchun 12,0 mln so‘m to‘lashi to‘g‘risida ma’lumotnoma bergan yoki II chorakka nisbatan o‘rtacha 158 mln so‘mga (170-12) kam ko‘rsatgan.

Natijada, III chorak uchun kamaytirib ko‘rsatilgan joriy to‘lov summasining 1/3 qismiga iyul, avgust va sentyabr oylari uchun 5,5 mln so‘m penya hisoblandi.

Toshkent shahridagi “Yuksak qurilish” korxonasi (nomi o‘zgartirilgan) joriy yilning II choragida 215 mln so‘m foyda solig‘i to‘lagan bo‘lsa, III chorak joriy to‘lovlari (avans) uchun bergan ma’lumotnomasida to‘lanadigan soliq summasini nol ko‘rsatgan.

Natijada, III chorak uchun joriy to‘lov amalga oshirilmaganligi hisobiga korxonaga nisbatan kechiktirilgan kunlar uchun 7,3 mln so‘m penya hisoblandi.

“Hurmatli soliq to‘lovchilar! Ortiqcha harajatlarni oldini olishingiz uchun IV chorak foyda solig‘i joriy to‘lov ma’lumotnomasini aniqlashtirgan holda qayta ko‘rib chiqishingiz maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Shu bilan birga, ayrim soliq organlari tomonidan byudjetga muddati kelmagan soliq to‘lovlari asossiz talab qilinayotgan bo‘lsa, bunday talabni bajarmasligingizni va bu to‘g‘risida Davlat soliq qo‘mitasining Ishonch telefoniga (71 – 244 - 98-98) zudlik bilan murojaat qilishingizni so‘raymiz”, deyiladi qo‘mita bayonotida.


Maqola muallifi

Teglar

tadbirkorlik soliq avans

Baholaganlar

15

Reyting

3.3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing