Floridada “Milton” to‘fonidan so‘ng alligatorlar uylarga kirib oldi (video)

Olam

image

AQSHning Florida shtatini qamrab olgan halokatli “Milton” to‘fonidan so‘ng ko‘chalar va uylarda alligatorlar paydo bo‘ldi. Bu haqda WFLA xabar berdi.

Ulardan biri shtatning Fort Mayers shahrida mahalliy aholining mashinasiga hujum qilgan. Kadrlarda alligator suv ostiga qaytishdan oldin kamida bir necha marta shinani tishlaganini ko‘rish mumkin. Ijtimoiy tarmoqlarda guvohlar tomonidan olingan videolardan birida esa suv bosgan uylardan birida alligator yurgani aks etgan.

Florida Baliq va yovvoyi tabiatni muhofaza qilish komissiyasiga ko‘ra, alligatorlarni shtatning har bir okrugida topish mumkin. Shu sababli rasmiylar bunday vaziyatda zudlik bilan ishonch telefoniga qo‘ng‘iroq qilishni maslahat bergan. Sohil bo‘ylab eng ko‘p zarar ko‘rgan hududlarning rasmiylari, shuningdek, floridaliklarni suv bosgan yo‘llardan uzoqroq turishga chaqirgan.

“Ko‘pgina floridaliklar alligatorlar bilan birga yashashni o‘rgangan bo‘lsalar ham, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolar saqlanib qolmoqda”, deya ta’kidlagan komissiya.

Dovul qurbonlari va jarohatlanganlarni qidirish ishlari davom etmoqda. Shtat gubernatori Ron DeSantisning so‘zlariga ko‘ra, 10 oktyabr oqshomiga qadar tabiiy ofat hududidan 340 kishi va 49 uy hayvonlari qutqarib olindi. Hozirgi vaqtda “Milton” post-tropik siklon sifatida tasniflanadi. 10 oktyabrga o‘tar kechasi, dovul Sarasota okrugiga yetib kelganida, Milliy dovul markazi uni 3-toifali dovul deb tasnifladi. Keyinchalik, u shtat bo‘ylab harakatlanar ekan, u 1-toifaga zaiflashdi, ammo bo‘ron sifatidagi maqomini saqlab qoldi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Milton” to‘foni kamida 11 kishining hayotiga zomin bo‘lgani xabar qilingandi. Sent-Lyusi va Sitrus okruglarida, shuningdek, Ormond-Bich va Sankt-Peterburg shaharlarida yashagan 10 kishi halok bo‘lgan. Biroz vaqt o‘tgach, Tampa shahrida qutqaruvchilar yana bir qurbon – taxminan 70 yoshli ayolning jasadini topgani ma’lum bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh “Milton” to'foni alligatorlar Fort Mayers shahri Florida shtati

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing