Floridada qulagan bino ostidan 18 kishining jasadi topildi
Olam
−
01 iyul 2021
3968Xabaringiz bor, 24 iyun kuni Florida shtatining Sarfsayd shahrida 12 qavatli turar-joy binosi qulab tushgan edi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, bino qoldiqlari tagidan yana 18 kishining jasadi topilgan.
Ushbu turar joy binosi bir hafta oldin qulagan bo‘lsada, vayronalar ostidagi 147 kishining taqdiri haligacha noma’lum.
Shahar hokimi Daniyella Levin Kavaning ta’kidlashicha, kechasi topilgan ushbu jasadlarning ikkitasi bolalarga tegishli.
Shuningdek, qutqaruv xizmati xodimlari qidiruvni davom ettirishda og‘ir texnikani ham jalb qilishini va to‘xtamasdan o‘z ishini davom ettirishini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, AQSH Prezidenti Jo Bayden ushbu vaziyat yuzasidan favqulodda holat e’lon qilgan. Davlat rahbari shtatga federal yordam ko‘rsatishni buyurgan. Shuningdek, u Favqulodda vaziyatlarni boshqarish federal agentligiga zarur favqulodda choralarni amalga oshirishda yordam berishga hamda favqulodda vaziyat oqibatlarini yumshatish uchun zarur bo‘lgan asbob-uskunalar hamda resurslarni o‘z xohishiga ko‘ra safarbar etishga vakolat bergan.
Avvalroq, Kanadada uch kundan beri jazirama issiq bo‘layotgani va g‘ayritabiiy issiq tufayli 200 dan ortiq odam vafot etgani haqida xabar bergan edik.
Yulduz Abdurashidova
LiveBarchasi