“Flamengo” Libertadores kubogini qo‘lga kiritdi
Sport
−
01 dekabr 1002 2 daqiqa
Kecha, 30 noyabrga o‘tar kechasi Braziliyaning “Flamengo” jamoasi Peruning Lima shahridagi “Monumental” stadionida bo‘lib o‘tgan final bahsida “Palmeiras”ni 1:0 hisobida mag‘lub etib, Janubiy Amerikaning eng nufuzli klublar musobaqasi Libertadores kubogini qo‘lga kiritdi.
Uchrashuv taqdirini hal qilgan yagona gol o‘yinining 67-daqiqasida burchak zarbasidan keyin Danilo tomonidan kiritildi. “Flamengo” ushbu hisobni o‘yin oxirigacha saqlab qolishga muvaffaq bo‘ldi va tarixida to‘rtinchi marotaba bu sovringa ega chiqdi. Jamoa 1981 yilda ilk bor, so‘ngra 2019 va 2022 yillarda ham Libertadores kubogini qo‘lga kiritgan edi.
“Har bir final og‘ir kechadi, bu esa, ayniqsa mushkul edi. Sevimli jamoam uchun gol urish so‘z bilan ta’riflab bo‘lmaydigan tuyg‘u. Imkoniyat bo‘lishini bilardim va undan foydalandim. Endi bayram qilish vaqti keldi”, dedi braziliyalik himoyachi Danilo.
Mazkur jamoalar 2021 yilgi Libertadores finalida ham to‘qnash kelgan va o‘shanda “Palmeiras” 2:1 hisobida g‘alaba qozongan edi.
Ayni paytda “Flamengo” Braziliya chempionati turnir jadvalida 75 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda. “Palmeiras” peshqadamdan besh ochkoga ortda qolgan holda ikkinchi o‘rinni egallab turibdi. Chempionat yakunlanishiga esa atigi ikki tur qolgan.
Ma’lumot uchun, 2024 yilgi Libertadores kubogini Braziliyaning “Botafogo” jamoasi qo‘lga kiritgan edi.