Fitso O‘zbekistonga keldi
Jamiyat
−
09 iyun 11242 1 daqiqa
Kecha, 8 iyun kuni kechqurun Slovakiya Bosh vaziri Robert Fitso O‘zbekistonga keldi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Toshkent xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov va boshqa rasmiylar kutib oldi.
8-10 iyun kunlariga reja qilingan tashrif dasturiga muvofiq Toshkent shahrida oliy darajadagi muzokaralar bo‘lib o‘tadi, O‘zbekiston-Slovakiya ko‘p qirrali hamkorligini yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilinadi. Ustuvor yo‘nalishlar – savdo, investitsiya va innovatsiyalar, qishloq xo‘jaligi, sanoat, energetika, turizm sohalarida sheriklikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratiladi.
Tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasi, madaniy-gumanitar va ta’lim sohalaridagi hamkorlik masalalari ko‘rib chiqiladi. Xalqaro ahamiyatga molik masalalar, jumladan, ko‘p tomonlama maydonlarda o‘zaro qo‘llab-quvvatlash yuzasidan fikr almashiladi.
Yetakchilarning uchrashuvi yakunida O‘zbekiston bilan Slovakiya o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan hujjatlar imzolanishi ko‘zda tutilgan.
Tashrif doirasida Slovakiya Bosh vaziri Robert Fitso IV Toshkent xalqaro investitsiya forumida ham ishtirok etadi.
Shundan so‘ng, 10 iyun kuni Fitso Qozog‘iston poytaxti Ostonaga uchib ketadi.
“Biz uch kun davomida ushbu mamlakatlarga boramiz va chorshanba kuni qaytamiz. Tashrif, birinchi navbatda, strategik hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga qaratiladi”, deydi Robert Fitso.