Finlyandiya va Ukraina harbiy hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzoladi
Olam
−
13 mart
1461Finlyandiya va Ukraina Mudofaa vazirlari Antti Xyakkyanen va Rustam Umarov mudofaa sohasida mamlakatlar o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumni imzoladi. Bu haqda Finlyandiya Mudofaa vazirligi xabar berdi.
Bildirilishicha, ikki tomonlama mudofaa sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratilgan bayonotda Finlyandiya va Ukrainada mudofaa masalalari, axborot almashinuvi, tadqiqot va innovatsion faoliyat, o‘q-dorilarni ishlab chiqarish va mudofaa bilan bog‘liq loyihalarning hamkorlik yo‘nalishlari muhokama qilingan.
“Finlyandiya uch yildan ortiq vaqt davomida Ukrainani mudofaa kurashida qo‘llab-quvvatladi va biz iqtisodiyotimiz hajmi bo‘yicha eng yirik qo‘llab-quvvatlovchi davlatlardanmiz. Biz Ukraina bilan bir xil Yevropa chekkasida turibmiz va o‘tmishdagi tajribalarimizdan kelib chiqqan holda Rossiya tahdidiga bir xil fikrdamiz. Finlyandiya ham Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda davom etish tarafdori. Biroq mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar bir tomonlama emas, balki har ikki tomon manfaatli sheriklikdir. Ushbu memorandum biz ikki davlat manfaati yo‘lida hamkorlikni yanada kengaytirish va chuqurlashtirish istagimizdan dalolatdir”, deydi Finlyandiya Mudofaa vaziri Xyakkyanen.
Qayd etilishicha, vazirlar yig‘ilishda Finlyandiya Ukrainaga navbatdagi 28-qurol yordam paketini e’lon qilgan. Bu taxminan 200 million yevroga teng. Paket hukumat va Respublika Prezidenti tomonidan tasdiqlanishi kerak. Joriy yil yanvar oyida Finlyandiya 200 million yevroni tashkil etgan 27-paket to‘g‘risida qaror qabul qilgan. Fevral oyi oxirida ham Finlyandiya 660 million yevrolik sanoat dasturini e’lon qilgan. Oxirgi qarorlar amalga oshirilishi bilan Finlyandiya tomonidan ko‘rsatilgan moddiy yordamning umumiy qiymati 3,3 milliard yevrogacha oshadi.
“Avvalgidek, bu safar ham yordam paketining mazmuni batafsil bayon etilmaydi. Biroq shuni aytish mumkinki, bu safar u boshqa narsalar qatori hozirda katta ehtiyoj sezayotgan artilleriya o‘q-dorilarini ham o‘z ichiga oladi. Mamlakatimizda Ukrainaga yordam berish uchun keng siyosiy qo‘llab-quvvatlash va milliy yakdillik mavjudligi juda ajoyib. Sanoatni qo‘llab-quvvatlash dasturi orqali Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni ichki ta’minot xavfsizligini mustahkamlash bilan uyg‘unlashtirishga erishganimiz ham qimmatlidir”, deydi Xyakkyanen.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar Tashqi ishlar vazirlari Ukrainaga o‘q-dorilar yetkazib berishdan iborat yangi harbiy yordam paketini taqdim etishga hozirlik ko‘rayotgani haqida xabar berilgan edi.
Bunyod Keldiboyev
LiveBarchasi