Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga kirishi Rossiyaga tahdidmi? So‘z Erdo‘g‘anning odamiga
Olam
−
06 aprel 2023
12507Turkiya joriy yilning iyun oyi boshida Finlyandiya va Shvetsiya bilan uch tomonlama uchrashuv tashkil etishni rejalashtirmoqda. Unda Stokgolmning NATOga kirish istiqbollarini muhokama qiladi. Bu haqda kecha, 5 aprel kuni Turkiya Prezidentining rasmiy vakili Ibrohim Kalinga tayanib, “Anadolu” agentligi xabar berdi.
“Shvetsiya hali o‘z majburiyatlarini to‘liq bajarmagan. O‘tgan hafta Shvetsiya delegatsiyasi Anqarada bo‘ldi, biz bu masalalarni muhokama qildik. Parlamentimiz Finlyandiyaning NATOga arizasini ma’qullaganidan so‘ng, iyun oyining birinchi yoki ikkinchi haftasida uch tomonlama mexanizm yig‘ilishini o‘tkazishga kelishib oldik. Nega iyun oyida? Chunki 1 iyun kuni Shvetsiyada yangi antiterror qonunchiligi kuchga kiradi”, degan Kalin.
Uning tushuntirishicha, yangi qonun Stokgolmga NATOga qo‘shilish bo‘yicha memorandum bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarishni osonlashtiradi.
“Ular nima qilishlari, qanday qadamlar qo‘yishlari va qanchalik tez harakat qilishlari faqat o‘zlariga bog‘liq. Bu terrorizmga qarshi Shvetsiya qabul qilgan eng qattiq va qat’iy qonun. Unda terror tashkilotlariga qarshi kurashning huquqiy asoslari aniqroq bo‘ladi”, degan Erdo‘g‘anning rasmiy vakili.
Rossiyaning Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lishini qanday qilib tahdid sifatida ko‘rishi mumkinligi haqidagi savolga javob bergan Kalin, bu tomondan Rossiyaga nisbatan hech qanday keskinlik kutmasligini aytgan.
“Rossiya uchun asosiy nuqta Ukrainaning NATOga qo‘shilmasligidir. Finlyandiya va Shvetsiya Yevropa Ittifoqi davlatlari, Yevropa geografiyasi, tarixi va madaniyati. Umuman olganda, Rossiya bu vaziyatni qabul qiladi. Biz Finlyandiya tomonidan ehtimoliy xavflar haqida so‘radik. Ular hozir chegaraning Rossiya tomonidan hech qanday xavf yoki harakatni ko‘rmayapmiz, deb javob berishdi. Umid qilamanki, Rossiya Federatsiyasi NATOning boshqa a’zolari bilan hamkorlik qilganidek, bu davlatlar bilan ham munosabatlarni quradi”, deydi Erdo‘g‘anning vakili.
Ma’lumot uchun, Shvetsiya va Finlyandiya 2022 yilning may oyida Shimoliy Atlantika alyansiga qo‘shilish uchun ariza bergan, biroq Turkiya PKK va PYD terrorchi deb e’lon qilishni hamda 2016 yilda terrorchilik yoki davlat to‘ntarishiga urinishda ishtirok etishda ayblanganlarni ekstraditsiya qilishni talab qilib, qo‘shilish jarayonini bloklagan. 2022 yilgi NATO sammiti oldidan ushbu muammolarni hal qilish uchun Turkiya, Finlyandiya va Shvetsiya o‘rtasida ikki shimoliy davlat qilishi kerak bo‘lgan aniq qadamlar ro‘yxatini o‘z ichiga olgan memorandum imzolangan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 30 mart kuni Turkiya parlamenti Finlyandiyaning NATOga kirishi haqidagi protokolni ratifikatsiya qilish haqidagi qonun loyihasini ma’qullagandi. 4 aprel kuni esa Finlyandiya ittifoqning 31-a’zosi sifatida blokga rasman qabul qilingandi.
LiveBarchasi