Finlyandiya va Shvetsiya KIPni terror tashkiloti sifatida tan oladi – NATO

Olam

image

Finlyandiya va Shvetsiya NATOga a’zo bo‘lish uchun Turkiyaning talabini qondirgan holda, Kurdiston ishchilar partiyasini terror tashkiloti deb tan oldi va yuzaga kelgan muammolarni bartaraf etish uchun Anqara bilan hamkorlik qilishga tayyor. Bu haqda Yens Stoltenberg NATO mudofaa vazirlarining Bryusseldagi ikki kunlik yig‘ilishi arafasida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi, deb yozmoqda "Anadolu".

Stoltenberg Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lish tashabbusini "tarixiy qaror" deb atadi va Turkiya bir qator aniq mavzularda o‘z xavotirini bildirganini eslatdi.  

“Turkiyaning tashvishi, ayniqsa, terrorizmga qarshi kurash bilan bog‘liq. Turkiyaning KIP terror tashkiloti bilan bog‘liq xavotirlari to‘liq qonuniydir. KIP barcha NATO ittifoqchilari, Yevropa Ittifoqi, shuningdek, Finlyandiya va Shvetsiya tomonidan terrorchi tashkilot deb topilgan. Biz Turkiyaning xavotirlarini muhokama qilishimiz kerak va biz hozir shunday qilyapmiz. Finlyandiya va Shvetsiyadan Turkiyaning xavotirlarini bartaraf etish uchun Turkiya bilan hamkorlik qilishga tayyor ekanliklari haqidagi signal va xabarlarni ham mamnuniyat bilan qabul qilaman”, deydi Bosh kotib. 

Stoltenberg bu masala tez orada hal bo‘lishiga umid qilmoqda. "Biroq, bu qachon sodir bo‘lishini oldindan aytish qiyin", deb tan oldi.  

Stoltenberg 29-30 iyun kunlari Madridda bo‘lib o‘tadigan NATO sammitigacha bu masalani hal qilish mumkinligiga umid bildirdi. 

Eslatib o‘tamiz, Turkiya rahbari joriy yilning 18 may kuni Anqara Shvetsiya va Finlyandiyaning terrorchi tashkilotlarga, xususan Turkiya terrorchi guruh deb hisoblagan Kurdiston Ishchilar partiyasiga munosabatini aniqlamaguncha NATOga qabul qilinishini qo‘llab-quvvatlamasligini aytgandi. 

U 16 may kuni ham xuddi shunday bayonot bilan chiqib, Finlyandiya va Shvetsiyaning ushbu davlatlar Kurdiston Ishchilar partiyasi faoliyatiga aloqador shaxslarni Turkiyaga ekstraditsiya qilishdan bosh tortgani munosabati bilan NATOga kirishiga qarshi ekanligini ma’lum  qilgandi. Biroq 21 may kuni Erdo‘g‘an agar Stokgolm va Xelsinki xavfsizlik muammolari yuzasidan Anqara bilan aniq birdamlik bildirsa, Turkiya Shvetsiya va Finlyandiyaning tashkilotga kirishini qo‘llab-quvvatlashini qo‘shimcha qilgandi.

Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga intilishlari

Rossiyaning Ukrainaga qarshi urush boshlashi ortidan uzoq yillar davomida betaraflik maqomida bo‘lib kelgan Finlyandiya va Shvetsiya NATOga qo‘shilish harakatiga tushdi. 

Joriy yilning 12 may kuni Finlyandiya Prezidenti va Bosh vaziri mamlakat NATOga qo‘shilishini qo‘llab-quvvatlashi ma’lum bo‘ldi. NATO ham bu davlatni ortiqcha jarayonlarsiz tashkilotga olishga tayyorligi bildirildi.

Buning ortidan rasmiy Moskva Finlyandiya NATOga qo‘shilsa, Rossiya o‘z milliy xavfsizligiga bu borada yuzaga keladigan tahdidlarni to‘xtatish uchun ham harbiy-texnik, ham boshqa xarakterdagi javob choralarini ko‘rishga majbur bo‘lishini e’lon qildi.

11 may kuni esa Buyuk Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson ikkala Skandinaviya davlatiga tashrif buyurib, Shvetsiya va Finlyandiya rahbarlari bilan o‘zaro xavfsizlik kafolatlarini imzoladi.

13 may kuni esa NATO a’zosi bo‘lgan Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lishiga ijobiy qaramasligini bildirdi.

15 may kuni Finlyandiya ham, Shvetsiya ham NATOga a’zo bo‘lishga qaror qilganini bildirdi.


Maqola muallifi

Teglar

NATO Yens Stoltenberg

Baholaganlar

49

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing