Finlyandiya rossiyaliklarga viza berishni keskin qisqartiradi
Olam
−
16 avgust 2022
2568Finlyandiya rossiyaliklarga beriladigan sayyohlik vizalari sonini qisqartiradi, mamlakatga oilaviy sabablarga ko‘ra, o‘qish yoki ish bilan bog‘liq holda tashrif buyurishni istagan fuqarolarga ustuvorlik beriladi. Bu haqda Yle efirida Finlyandiya Tashqi ishlar vaziri Pekka Xaavisto ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, rasmiylar Rossiya fuqarolaridan Finlyandiya vizasiga qabul qilingan arizalar sonini amaldagi hajmning beshdan bir yoki o‘ndan bir qismigacha cheklamoqchi. Yangi tartib kuchga kirsa, Finlyandiya kuniga 1000 ga yaqin arizalarni qabul qiladi va 100-200 ta ariza qanoatlantiriladi.
“Yevropa Ittifoqi darajasida qarorlar joriy yilning kuzida qabul qilinishi kutilmoqda, lekin Finlyandiya o‘z choralarini ko‘rishi mumkin”, deydi Tashqi ishlar vaziri.
Finlyandiya rasmiylariga ko‘ra, ruslar Xelsinki aeroportidan Yevropaning boshqa davlatiga uchish uchun mamlakatdan “tranzit punkti” sifatida foydalana boshlagan.
“Yil boshidan beri Rossiya fuqarolari Finlyandiyada Shengen vizasi uchun deyarli 60 ming ariza topshirgan, bu o‘tgan yilga nisbatan ko‘p”, deb xabar qildi Finlyandiyaning Moskvadagi elchixonasi madaniyat bo‘yicha maslahatchisi Yussi Palmen.
Eslatib o‘tamiz, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy G‘arbni barcha ruslar uchun chegaralarni butunlay yopishga chaqirgan edi.
Buning ortidan joriy yilning 11 avgust kuni, Estoniya hukumati Shengen vizasiga ega bo‘lgan Rossiya Federatsiyasi fuqarolarining mamlakatga kirishini taqiqlagan edi.
LiveBarchasi