Finlyandiya Rossiya bilan quruqlikdagi chegarasini butunlay yopadi

Olam

image

Finlyandiya joriy yilning 30 noyabridan 13 dekabrgacha Rossiya bilan chegaradagi barcha chegara o‘tish joylarini yopadi. Bu haqda Finlyandiya Bosh vaziri Petteri Orpo ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, chegaralarning yopilishiga Rossiyaning harakatlari sabab bo‘lgan. 

“Ammo mamlakatlar o‘rtasida temiryo‘l aloqalari va yuk tashish davom etadi”, deya xabar beradi Finlyandiyaning “Yle” agentligi.

Bosh vazir Finlyandiyaning ushbu qarori muhojirlar bilan bog‘liq mavjud vaziyatga mutanosib ekanini aytgan.

Mamlakat Ichki ishlar vaziri Mari Rantanenning bildirishicha, yaqin kelajakda Finlyandiyada vaqtinchalik boshpana so‘rab faqat mamlakat portlari yoki aeroportlarida murojaat qilish mumkin bo‘ladi. Uning fikricha, chegarani yopish milliy xavfsizlik uchun zarur.

"Ushbu qaror Finlyandiya milliy xavfsizligini Rossiya gibrid operatsiyasidan himoya qiladi", deydi Rantanen.

Finlyandiya chegara xizmati matbuot kotibi Matti Sarasmaaning ma’lum qilishicha, Rossiya bilan chegarani yopish qarori kelajakda yana ikki haftaga uzaytirilishi mumkin.

Davlat chegara xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, noyabr oyida Suriya, Keniya, Somali va boshqa davlatlardan 900 nafar muhojir boshpana izlab, chegarani kesib o‘tgan.

Bunga javoban Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Aleksandr Grushko ushbu qarorni mantiqiy, deb hisoblamasligini bildirgan. Shu bilan birga, Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov vaziyatga baho berar ekan, Rossiya Finlyandiya qaroriga "ta’sir o‘tkaza olmasligi"ni aytdi. Uning qo‘shimcha qilishicha, hozirda “pragmatik munosabatlar” o‘rnini “rusofobik pozitsiya” egallagan.

Finlyandiya Prezidenti Sauli Niinistyo esa qochqinlar oqimi mamlakatning NATOga kirishi uchun "Kremlning qasosi" ekanini aytgan. 

Ma’lumot uchun, 16 noyabr kuni Finlyandiya hukumati 18 noyabrdan boshlab Rossiya bilan chegaradagi to‘rtta nazorat-o‘tkazish punktini yopishga qaror qilgan. 18 noyabr kuni beshinchi “Vartius” nazorat-o‘tkazish punkti ham yopilgan. Keyinchalik Finlyandiya harbiylari chegaraga yetib keldi va qo‘shimcha himoya panjaralarini o‘rnatishni boshladi.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Finlyandiya Rossiyadan velosipedlarning butun chegara bo‘ylab kirishiga taqiq joriy qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya chegara Finlyandiya Petteri Orpo

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing