Filippinda musson yomg‘irlari sabab 12 kishi halok bo‘ldi (video)
Olam
−
10 avgust 535 2 daqiqa
Filippinda davom etayotgan kuchli musson yomg‘irlari oqibatida yuzaga kelgan suv toshqinlari va ko‘chkilar oqibatida kamida 12 kishi halok bo‘ldi, yana 8 kishi bedarak yo‘qoldi. Bu haqda bugun, 10 avgust kuni “The Star” xabar berdi.
Qayd etilishicha, mamlakatning 33 ta provinsiyasida yarim milliondan ortiq aholi janubi-g‘arbiy musson ta’sirida qolgan. Musson yomg‘irlari ikki tropik siklon ta’sirida yanada kuchaygan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, tabiiy ofatlar oqibatida yuzlab uylar va infratuzilma ob’ektlariga zarar yetgan. Xususan, Luson orolida joylashgan tog‘li Bagio shahrida ko‘chki bir nechta uyni ko‘mib ketishi oqibatida 4 kishi halok bo‘lgan, 6 kishi bedarak yo‘qolgan.
Bildirilishicha, hozirda hududda qidiruv-qutqaruv ishlariga qariyb 150 nafar qutqaruvchi jalb qilingan bo‘lib, shaharda kuchli yomg‘irlar davom etayotgani sabab yana o‘nlab ko‘chkilar sodir bo‘lgan.
Filippin Prezidenti Ferdinand Markos kichik bugun, 10 avgust kuni kuchli yog‘ingarchilik shaharlar va asosiy ko‘chalarni suv bosishi ortidan davlat xizmatchilarini masofadan ishlashga o‘tkazishni buyurgan. Shuningdek, Manila metropoliyasi va o‘ndan ortiq provinsiyadagi maktablarda muqobil ta’lim usullarini joriy etish topshirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Delfin” tayfuni Xitoyning sharqiy qirg‘og‘iga yetib bordi hamda mamlakatning bir qator hududlarida kuchli yomg‘ir, suv toshqini va ko‘chki xavfi yuzaga kelgani sababli 1 milliondan ortiq aholi xavfsiz hududlarga evakuatsiya qilingani haqida xabar berilgan edi.