Xitoyda “Delfin“ sababli 1 million odam evakuatsiya qilindi

Olam

image

“Delfin” tayfuni Xitoyning sharqiy qirg‘og‘iga yetib bordi hamda mamlakatning bir qator hududlarida kuchli yomg‘ir, suv toshqini va ko‘chki xavfi yuzaga kelgani sababli 1 milliondan ortiq aholi xavfsiz hududlarga evakuatsiya qilindi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Qayd etilishicha, “Delfin” tayfuni bu yil Xitoyga yetib kelgan eng kuchli tropik siklon hisoblanib, kecha, 9 avgust kuni soat 17:30 atrofida sharqiy Chjetszyan provinsiyasining Yuyxuan shahri yaqinidan quruqlikka chiqqan.

Tayfun qirg‘oqqa yetib kelgan vaqtda uning markaziga yaqin hududda shamol tezligi sekundiga 42 metrni, ya’ni soatiga 151 kilometrni tashkil etgan. Bu Saffir-Simpson shkalasi bo‘yicha 1-toifadagi dovulga teng.

Sinoptiklar 10 avgustgacha Chjetszyan, Shanxay, Futszyan shimoli, Szyansi shimoli-sharqi, Anxoy markazi va janubi hamda Szyansu provinsiyasining katta qismida kuchli yomg‘ir yog‘ishini prognoz qilgan.

Chjetszyanning markaziy va sharqiy hududlarida 250–500 millimetrgacha yog‘ingarchilik kuzatilishi mumkin. Kuchli yomg‘ir ayniqsa tog‘li hududlar va kichik daryolar bo‘ylarida suv toshqini hamda ko‘chki xavfini oshirishi kutilmoqda.

Rasmiylar dengizdagi ishchilarni xavfsiz joylarga olib chiqqan, kemalarga esa portlarga qaytish buyurilgan. Shuningdek, suv omborlari, tog‘ oqimlari, ko‘chki xavfi yuqori hududlar, qurilish maydonlari va sayyohlik maskanlarida nazorat kuchaytirilgan.

Tayfun sabab Xitoy sharqida transport qatnovlari ham jiddiy cheklangan.

Shanxayda kamida 30 ming 300 kishi evakuatsiya qilingan, qariyb 1500 ta aviaqatnov bekor qilingan. Shaharning Yanshan portida esa 500 dan ortiq kichik va o‘rta hajmdagi kemalar xavfsiz joylarga ko‘chirilgan.

Qo‘shni Chjetszyan provinsiyasidagi Venchjou shahrida esa 900 mingdan ortiq aholi boshqa joyga evakuatsiya qilingan va 1000 dan ziyod favqulodda boshpana ochilgan.

Futszyan provinsiyasida ham yuqori xavfli hududlardan 98 ming 900 kishi evakuatsiya qilingan. Hududda 55 ta qirg‘oqbo‘yi yo‘lovchi paromi qatnovi to‘xtatilgan, 115 ta dengiz qurilish loyihasi vaqtincha bekor qilingan va 290 ta qurilish kemasi xavfsiz suvlarga olib chiqilgan.

Xitoy meteorologiya idoralarining ma’lumotlariga ko‘ra, tayfun quruqlikka kirgach, markaziy va janubi-g‘arbiy Xitoy tomon harakatlanib, asta-sekin kuchsizlanishi kutilmoqda. Biroq uning ta’siri kuchli yog‘ingarchilikni uzaytirishi va suv toshqini hamda ko‘chki xavfini oshirishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yaponiyaning janubiy Okinava prefekturasiga “Delfin” tayfuni yetib kelishi oqibatida 6 kishi jarohatlangandi, 50 mingdan ortiq xonadon va bino elektr ta’minotidan uzilgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing