Filippinda ko‘chkilar 15 kishining umriga zomin bo‘ldi

Olam

image

Filippinning janubiy qismida yuz bergan ko‘chkilar oqibatida kamida 15 kishi halok bo‘ldi. Mutaxassislar bu so‘nggi o‘n yillikdagi eng kuchli bo‘ronlardan biri bo‘lgan “Bavi” tayfuni keltirib chiqargan ko‘chkilar ekanini aytmoqda. Bu haqda BBC xabar berdi.

Qayd etilishicha, Filippinning Mindanao orolida “Bavi” tayfuni ta’sirida kuzatilgan kuchli yomg‘irlar sabab yuz bergan ko‘chkilar vaqtida ayrim oilalar tuproq ostida qolgan. Qutqaruvchilar bedarak yo‘qolganlarni izlash ishlarini davom ettirmoqda.

Ayni vaqtda “Bavi” tayfuni Tinch okeani orqali Tayvan tomon harakatlanmoqda. Tayfunning kengligi qariyb 1000 kilometrni tashkil etib, bu Fransiya hududining kengligiga teng degani.

Prognozlarga ko‘ra, bo‘ron Tayvanning shimoliy va sharqiy hududlari, Yaponiyaning ayrim orollari hamda keyinchalik Xitoyning janubi-sharqiy qismiga ta’sir qilishi mumkin. Tayvan rasmiylari “Bavi” 1 metrgacha yog‘ingarchilik keltirib chiqarishi ehtimoli borligini ma’lum qilgan.

Tayfun xavfi sabab mintaqadagi o‘nlab aviaqatnovlar bekor qilingan, maktablarda darslar to‘xtatilgan. Aholi oziq-ovqat va zarur buyumlarni zaxiralashga kirishgan.

Tayvanda bo‘ron oqibatlarini bartaraf etish uchun qariyb 29 ming nafar harbiy xizmatchi shay holatga keltirilgan. Mutaxassislar “Bavi” 1987 yildan beri orolga yaqinlashayotgan eng kuchli bo‘ronlardan biri bo‘lishi mumkinligini aytmoqda.

Yaponiyaning ayrim hududlarida ham favqulodda choralar ko‘rilmoqda. Sakishima orollari aholisi uy va do‘konlarini mustahkamlashga kirishgan, aviakompaniyalar esa yuzlab reyslarni bekor qilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoyning Xubey provinsiyasida yuz bergan 2 ta tornado oqibatida 11 kishi halok bo‘lgani haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing