FIFA reytingi yangilandi. O‘zbekiston nechanchi pog‘onada?
Sport
−
19 noyabr 2021
16463Butunjahon futbol uyushmasi (FIFA) noyabr oyi yakunlariga ko‘ra terma jamoalarning yangilangan reytingini e’lon qildi.
Unga ko‘ra, O‘zbekiston MTJ Gruziyaga mag‘lub bo‘lganiga qaramay (0:1) 84-pog‘onani saqlab qolgan.
Srechko Katanets shogirdlari Osiyoda 11-raqamda qayd etilgan. “Oq bo‘rilar”dan yuqorida Eron (21-o‘rin), Yaponiya (26), Janubiy Koreya (33), Avstraliya (35), Saudiya Arabistoni (48), Qatar (51), BAA (70), Xitoy (74), Iroq (75) va Ummon (78) joylashgan.
Shuningdek, kuchli uchlikda hech qanday o‘zgarish kuzatilmagan. Belgiya terma jamoasi 1828 ochko bilan hamon peshqadamlik qilishda davom etmoqda. Braziliya ikkinchi, Fransiya uchinchi pog‘onada qayd etilgan. “Pentakampeonlar” hisobida 1826, “xo‘rozlar”da esa 1786 ochko mavjud.
Reytingning keyingi o‘rinlarida Angliya (1755), Argentina (1750) esa beshinchi o‘ringa ko‘tarilib oldi. Har ikki jamoa yangilangan jadvalda Italiyani (1740) ortda qoldirgan. Ispaniya (1704), Portugaliya (1606), Daniya (1654) va Gollandiya (1653) termalari kuchli o‘nlikka yakun yasab bergan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston MTJ Srechko Katanets qo‘l ostida 4 o‘yinda 3 mag‘lubiyat (Shvetsiya, Iordaniya, Gruziya) va bir g‘alaba (Malayziya) qayd etgan.
LiveBarchasi