“FIFA chegaradan o‘tdi”. Infantinoning kursisi qimirlab qoldi
Sport
−
06 iyul 8711 2 daqiqa
UEFA AQSH milliy terma jamoasi hujumchisi Folarin Balogunning diskvalifikatsiyasini bekor qilish bo‘yicha FIFA qabul qilgan qarorni keskin tanqid qildi.
Tashkilot bu qaror orqali FIFA “chegaradan o‘tganini” ta’kidladi. Folarin Balogun AQSH terma jamoasining joriy Jahon chempionatidagi eng yaxshi to‘purari bo‘lib, uning hisobida uchta gol bor. U Bosniya va Gersegovinaga qarshi uchrashuvning 64-daqiqasida VAR aralashuvidan so‘ng qizil kartochka olgan edi.
FIFA intizom qoidalariga ko‘ra, to‘g‘ridan to‘g‘ri qizil kartochka olgan futbolchi keyingi o‘yinni avtomatik tarzda o‘tkazib yuborishi lozim. Biroq, Belgiyaga qarshi 1/8 final bahsini o‘tkazib yuborish o‘rniga, amerikalik hujumchiga bir yillik sinov muddati belgiladi.
UEFA mazkur qarorni “tushunarsiz va asossiz” deb baholab, bu Jahon chempionatining yaxlitligi hamda musobaqa qoidalariga putur yetkazishini ta’kidladi.
Mojaro ortidan Belgiya Qirollik futbol assotsiatsiyasi favqulodda apellyatsiya berish huquqini qo‘lga kiritdi.
FIFA har ikki tomondan o‘z dalillarini ertaga, 7 iyul kuni ertalabgacha qadar taqdim etishni talab qildi. Shu sababli, hozircha Folarin Balogunning Sietl shahrida bo‘lib o‘tadigan Belgiyaga qarshi o‘yinda ishtirok etishi rejaga muvofiq qolmoqda.
Eslatib o‘tamiz, diskvalifikatsiya bekor qilinishi arafasida AQSH Prezidenti Donald Tramp va FIFA prezidenti Janni Infantino o‘rtasida shaxsiy telefon muloqoti bo‘lib o‘tgani haqida xabar berilgandi. Shundan so‘ng Tramp tashkilotga “adolatsizlikni tuzatgani” uchun ochiqchasiga minnatdorlik bildirgan.