FIDE Jahon Kubogi: O‘zbekistonning 5 nafar shaxmatchisi keyingi bosqichda
Sport
−
14 iyul 2021
3266Shaxmat bo‘yicha FIDE jahon kubogining dastlabki bosqichidan so‘ng O‘zbekiston terma jamoasining 5 nafar a’zosi keyingi bosqichga yo‘l oldi. Bu haqda O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi ma’lum qildi.
Jahongir Vohidov, Nodirbek Yoqubboyev, Shamsiddin Vohidov, Javohir Sindorov va Nodirbek Abdusattorov ikki o‘yin natijasiga ko‘ra o‘z raqiblaridan ustun keldi. Ularning raqiblari allaqachon aniq bo‘lib ulgurgan.
Jahongir Vohidov (O‘zbekiston) — Perez Domingez (AQSH);
Nodirbek Yoqubboyev (O‘zbekiston) — David Navarra (Chexiya);
Shamsiddin Vohidov (O‘zbekiston) — Sergey Karyakin (Rossiya);
Javohir Sindorov (O‘zbekiston) — Alirizo Firuzja (Fransiya);
Nodirbek Abdusattorov (O‘zbekiston) — Aravind Chitambaram (Hindiston).
Ayollar o‘rtasidagi bellashuvlarda ishtirok etayotgan Nilufar Yoqubboyeva hamda Umida Omonova o‘z yurishini ancha erta yakunladi. Yoqubboyeva ikkinchi partiyada perulik Deysi Kori Telioga, Omonova esa reytingi ancha yuqori bo‘lgan Mo‘g‘uliston terma jamoasi a’zosi Batxi Mongontuulga imkoniyatni boy berdi.
Avvalroq bir nechta o‘zbek shaxmatchi qizlari O‘zbekiston shaxmat federatsiyasini ma’lum sabablarga ko‘ra tark etgan edilar. Bugungi kunga kelib, Gulruhbegim Tohirjonova AQSHning Missuri universiteti jamoasida dona suradi va xalqaro musobaqalarda AQSH nomidan ishtirok etadi. Joriy musobaqadaTohirjonova argentinalik 36 yoshli Karolina Luanni mag‘lubiyatga uchratib,1/32 finalda rossiyalik 23 yoshli shaxmatchi Aleksandra Goryachkinaga qarshi dona suradigan bo‘ldi.
FIDE (Xalqaro Shaxmat Federatsiyasi) Jahon kubogi bahslari joriy yilning 11 iyulidan 8 avgust kuniga qadar Rossiyaning Sochi shahrida o‘tkazilmoqda. Sovrin jamg‘armasi 2 000 000 dollardan ziyod bo‘lgan musobaqada dunyoning eng kuchli 206 nafar erkak, 103 nafar ayol shaxmatchilar ishtirok etmoqda.
Musobaqa qanday natija bilan yakunlanishidan qat’i nazar, amaldagi Jahon chempioni Magnus Karlsendan tashqari musobaqaning eng yaxshi ikki ishtirokchisi 2022 yilgi nomzodlar turniriga yo‘l oladi. Qolgan sakkiz nafar shaxmatchi esa, FIDE gran-prisiga yo‘llanmani qo‘lga kiritadi.