Fidan Yevropadan turib turkiy davlatlarni SHKTR uchun butun dunyoga qarshi borishga chaqirdi

Olam

image

Rasmiy Anqara Turkiy davlatlarga Kipr mojarosini eslatib, Shimoliy Kipr Turk Respublikasini yolg‘izlatib qo‘ymaslik, unga nisbatan adolatsizlikka birgalikda qarshi turishga chaqirishdan tiyilmayapti. Ushbu chaqiriq bugun, 21 may kuni Vengriya poytaxti Budapeshtda o‘tkazilgan Turkiy Davlatlar Tashkiloti davlat va Hukumat rahbarlarining norasmiy sammiti oldidan bo‘lib o‘tgan Tashqi ishlar vazirlari kengashi yig‘ilishida ham yana bir bor yangradi. 

Uchrashuvda ishtirok etgan Turkiya Tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan kiprlik Turk birodarlar duchor bo‘lgan nohaq va g‘ayriinsoniy yakkalanishga qarshi birdamlikda harakat qilish umumiy mas’uliyat ekanini bildirdi. Samarqand sammitida (2022 yil) TDTga kuzatuvchi a’zo sifatida qabul qilingan Shimoliy Kipr Turk Respublikasi turkiy oilaning ajralmas qismi ekanini urg‘uladi.  

Fidan, sammitga ilk bor kuzatuvchi a’zo davlat mezbonlik qilganidan mamnun ekanini bildirdi. Xalqaro tizim tinchlik, barqarorlik va adolat zamin yaratolmagan bir paytda turkiy dunyo har on mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirayotganini qayd etdi.  

Turkiya tashqi siyosati rahbari Qorabog‘ masalasiga ham to‘xtaldi. U Turkiy davlatlar nomidan Qorabog‘ muammosini to‘liq hal etishda barcha davlatlar Ozarbayjonning yonida bo‘lishda davom etishini va’da qildi. 

Qolaversa, Falastinda tinch aholiga qarshi ochlikni qurol sifatida qo‘llash va falastinliklar deportatsiyasini qabul qilib bo‘lmasligini aytdi. Mintaqaviy tinchlik va xavfsizlikni o‘rnatish uchun xalqaro hamjamiyatning Isroilga qarshi samarali va qat’iy qadamlar tashlashi muhim ekanini bildirdi.  

Suriya ma’muriyatining mintaqaviy va xalqaro o‘yinchilar bilan aloqalari va Turkiyaning sanksiyalarni olib tashlashga qaratilgan qizg‘in diplomatik sa’y-harakatlari natijasida aniq natijalarga erishilganini ifoda etgan Fidan, bu davrda Suriyani TDTga a’zo davlatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanishining alohida ahamiyat kasb etganini ma’lum qildi. Shuningdek, Rossiya-Ukraina urushda diplomatik yechim bo‘sag‘asida turgani va Istanbulda bo‘lib o‘tgan muzokaralar keng qamrovli o‘t ochishni to‘xtatishga, keyinchalik adolatli va mustahkam tinchlikka yo‘l ochishiga umid qilayotganlarini bildirdi. 

Uning qayd etishicha, turkiy dunyoning rivojlanishi va yanada quloch yozishida barcha ishtirokchi davlatlarning kuchli irodasi borligini e’tirof etgan Fidan, Kengash yig‘ilishi va sammit natijalarining Turk dunyosi integratsiya jarayoni uchun foydali bo‘lishini tilagan.

Uchrashuvga Vengriya Tashqi ishlar va tashqi savdo vaziri Peter Siyyarto mezbonlik qildi. Unda Ozarbayjon Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Jeyhun Bayramov, Qozog‘iston Bosh vazirining o‘rinbosari – Tashqi ishlar vaziri Murat Nurtleu, Qirg‘iziston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Jeenbek Kulubayev, Turkiya Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov va TDT Bosh kotibi Kubanichbek O‘muraliyev ishtirok etdi.

Uchrashuvda vazirlar quyidagi hujjatlarni imzoladi: 

•    “Turkiy davlatlar tashkilotining Vengriyadagi vakolatxonasi ijrochi direktorini tayinlash to‘g‘risida”gi qaror;
•    “Turk Akademiyasida Shimoliy Kipr Turk Respublikasiga kuzatuvchi maqomini berish to‘g‘risida qaror”.

Biroq yig‘inda Turkiy davlatlar tashkilotining yana ikki kuzatuvchi a’zosi – Turkmaniston va (tan olinmagan) Shimoliy Kipr Turk Respublikasidan vakil ishtirok etmagan. 

Shimoliy Kipr Turk Respublikasi

541 – bu BMT Xavfsizlik Kengashi tomonidan 1983 yil 18 noyabrda qabul qilingan rezolyutsiya bo‘lib, uni 13 davlat yoqlab ovoz bergan, Pokiston qarshi chiqqan, Iordaniya esa betaraf qolgan. Qarorda barcha davlatlar Kipr Respublikasining suvereniteti, mustaqilligi, hududiy yaxlitligi va bloklarga qo‘shilmasligini hurmat qilishga hamda Kipr Respublikasi hukumatidan boshqa orol hukumatini tan olmaslikka chaqirilgan. Bu rezolyutsiya 1983 yil 15 noyabrda Shimoliy Kipr Turk Respublikasining mustaqillik e’lon qilishiga javob tariqasida qabul qilingan. 

550-rezolyutsiyaga kelsak, u 1984 yil 11 mayda 13 davlat tomonidan ma’qullangan. Pokiston qarshi ovoz bergan, AQSH esa betaraf qolgan. Unda shunday deyilgan:

“Turkiya va Kipr turk rahbariyati o‘rtasida elchilar almashinuvi deb atalmish barcha separatistik harakatlarni qoralaydi, ularni noqonuniy va haqiqiy emas deb e’lon qiladi va ulardan zudlik bilan voz kechishga chaqiradi; barcha davlatlarni separatistik harakatlar oqibatida tuzilgan “Shimoliy Kipr Turk Respublikasi” deb atalmish davlatni tan olmaslikka, hamkorlik qilmaslikka va yuqorida ko‘rsatilgan separatistik tuzilmaga hech qanday yordam ko‘rsatmaslikka yana bir bor chaqiradi; barcha davlatlarni Kipr Respublikasining suvereniteti, mustaqilligi, hududiy yaxlitligi, birligi va qo‘shilmaslik siyosatini hurmat qilishga chaqiradi; Varoshaning (Kiprning Famagusta shahridagi kvartal — tahr.) istalgan qismini uning rezidenti bo‘lmagan shaxslar tomonidan joylashtirishga urinishlarini nomaqbul deb hisoblaydi va bu hududni Birlashgan Millatlar Tashkiloti ma’muriyatiga topshirishga chaqiradi”.

Shu bois ham Turkiyadan o‘zga biror davlat Shimoliy Kipr Turk Respublikasini tan olmagan. 


Maqola muallifi

Teglar

Turkiy davlatlar tashkiloti Hoqon Fidan

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing