Fevral oyida qish qishligini qiladimi?
Intervyu
−
24 yanvar 2022
34606O‘zbekistonning qish faslining uchinchi oyi fevralda ham deyarli qor yog‘maydi. Bu haqda Gidrometeorologiya xizmati markazi direktori o‘rinbosari Ibratjon Karimov QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qildi.
“O‘zbekiston Respublikasi gidrometeorologiya markazi O‘zbekistonning har haftalik ob-havo ma’lumotlarini taqdim etib boradi. Jumladan, yanvar oyining oxirgi haftasida kuzatiladigan ob-havo ma’lumotlarini ham berdik. Hafta quruq va yog‘ingarchiliklarsiz keladi. Biroq, dam olish, ya’ni shanba va yakshanba kunlari O‘rta yer dengizi tomonidan nam havo kirib kelishi natijasida yog‘ingarchilik bo‘lishini kutyapmiz”, dedi Karimov.
Shuningdek, Ibratjon Karimov qish faslining so‘nggi oyida kuzatiladigan ob-havo ma’lumotlari haqida ma’lumot berib o‘tdi.
“Fevral oyida kuzatiladigan ob-havo haqida ma’lumot bersam, Butunjahon meteorologik tashkilotining takliflariga ko‘ra, butun dunyodagi gidrometeorologiya xizmatlari uzog‘i bir haftalik ob-havo ma’lumotlarini “prognoz” qilishadi. Lekin biz fevral oyining ob-havo ma’lumotlarini o‘rganib chiqdik. Ko‘pchilik qor va yomg‘irni kutadi. Lekin fevral oyida biroz xafagarchiliklar bo‘lishi mumkin. Sababi biz fevral oyida ham quruq havo kutyapmiz. Ya’ni fevral oyining birinchi dekadasi quruq kelishi kutilmoqda. Albatta, bu “prognoz”, aniq emas. Fevral oyining ikkinchi dekadasidan biroz qor va yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda. Biz aniq ma’lumotlarni fevral oyining boshidan berib boramiz. Hammasi xaritada ko‘rib turganingizdek, yurtimizga kirib kelayotgan oqimlarga bog‘liq. Oqim yo‘nalishi bizning yurtdan o‘tadigan bo‘lsa, yog‘ingarchiliklar bo‘ladi. Agar yurtimiz chegaralaridan chetlab o‘tsa, quruq havo kuzatiladi. Taxminimizga ko‘ra, fevralning birinchi dekadasi quruq keladi”, deydi Gidrometeorologiya xizmat markazi direktori o‘rinbosari.
LiveBarchasi