Fermerlar namoyishi: Fransiya hukumati xavfsizlik choralarini kuchaytirdi
Olam
−
29 yanvar
6745Fransiyalik fermerlar bugun, 29 yanvar kuni tushdan keyin Parij va poytaxt chekkasida sakkiz yo‘nalishda harakatlanishni to‘sib qo‘yishga va’da berdi. Butun mamlakat bo‘ylab norozilik namoyishlari davom etmoqda. Norozilik harakati ishtirokchilari hukumat tomonidan qishloq xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha e’lon qilingan chora-tadbirlardan norozi. Bu haqda “Euronews” xabar berdi.
Fransiyaning eng yirik qishloq xo‘jaligi uyushmasi FNSEA va “Yosh fermerlar”ning aytishicha, ularning maqsadi fransuzlar hayotini barbod qilish emas, balki hukumatga bosim o‘tkazishdir. Ijtimoiy so‘rov natijalariga ko‘ra, Fransiya aholisining deyarli 90 foizi fermerlar noroziligini qo‘llab-quvvatlamoqda.
Bugun ertalab Fransiya Qishloq xo‘jaligi vaziri Mark Fesno yangi chora-tadbirlar to‘plami tez orada e’lon qilinishini aytdi.
Bir kun avval esa Bosh vazir Gabriel Attal Fransiyaning markaziy qismida (Endr va Luara) fermerlar bilan uchrashib, ularning pozitsiyasini tinglab, ularga qandaydir yo‘l topishini aytdi. Ammo hozircha Fransiya qishloq xo‘jaligi korxonalari hukumat pozitsiyasidan qoniqmayapti.
Kecha, 28 yanvar kuni kechqurun hukumatdagi inqiroz bo‘yicha idoralararo shtabning yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, shundan so‘ng Fransiya Ichki ishlar vaziri Jerald Darmanin rasmiylar traktorlarning Parijga kirishiga yo‘l qo‘ymaslik va Yevropaning mumkin bo‘lgan blokirovkasini oldini olish uchun 15 ming jandarm va politsiya xodimlaridan foydalanishini aytdi.
"Men prefekturalarga juda aniq va muhim ko‘rsatmalar berdim, ulardan birinchisi: traktorlar yirik shaharlarga, jumladan Parijga kirmasligi kerak. Ryunji dagi bozor, shuningdek, poytaxtdagi Ruassi va Orli aeroportlari, umuman, mamlakatdagi boshqa aeroportlar ham o‘z faoliyatini davom ettirishi kerak. Ushbu mudofaa pozitsiyasi juda katta resurslardan foydalanishni talab qiladi. Buni ta’minlash uchun 15 ming politsiyachi va jandarm safarbar etilgan", deydi Jerald Darmanin.
Parij politsiyasi prefekturasi Ichki ishlar vazirining ko‘rsatmasi bilan Ryunji va Ruassi hududiga katta mudofaa kuchlari joylashtirilganini ma’lum qildi.
Fermerlarning noroziliklari bilan bir qatorda bugun Fransiya shaharlari va magistral yo‘llarida taksi haydovchilarining tibbiy transportning yangi qoidalariga qarshi ommaviy norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tadi.
Bu yangi Bosh vazir Gabriel Attal uchun birinchi yirik inqiroz. Hukumat boshlig‘i Milliy Assambleyada nutq so‘zlab, mamlakatning ijtimoiy-siyosiy rivojlanishi haqidagi o‘z qarashlarini taqdim etishi kerak.
Qayd etish joizki, Fransiyadagi fermerlarning norozilik namoyishlari umumevropa miqyosiga ega. Kecha, 28 yanvar kuni Belgiyada o‘nlab traktorlar yo‘llarni to‘sib qo‘ydi.
Italiyaning shimoli-g‘arbiy qismidagi Alessandriyada fermerlar dizel narxining ko‘tarilishi, narxlardagi katta farqlar, Yevropa ishlab chiqarish qoidalarining tobora kuchayib borayotgani va qog‘ozbozlikka qarshi norozilik bildirdi.
Gretsiyada fermerlar butun mamlakat bo‘ylab, ayniqsa shimolda hamkasblarining katta safarbarligi doirasida Larissa markazida traktorlar bilan norozilik namoyishi o‘tkazdi. Ularning asosiy namoyishi ham bugun, 29 yanvar kuniga rejalashtirilgan.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr